Yevropa aeroportlarida yuzlab million yo‘lovchini bezovta qilib kelayotgan suyuqliklar hajmiga oid 100 millilitrlik cheklov tez orada o‘tmishga aylanishi mumkin. Bu haqdagi yangilik Yevrokomissiya manbalariga asoslangan holda, Euronews nashri orqali tarqatildi.
Mazkur cheklov avvalboshdan xavfsizlik maqsadida joriy etilgan bo‘lib, an’anaviy rentgen qurilmalari suyuq shakldagi portlovchi moddalarni aniqlay olmagani sababli amalga kiritilgan edi. Ammo texnologiya taraqqiyoti tufayli vaziyat tubdan o‘zgarmoqda.
Xususan, yangi avlod skaner uskunalari orqali bu kabi moddalarni aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu esa cheklovlar qayta ko‘rib chiqilishiga olib kelmoqda. Yevropa fuqaro aviatsiyasi konferensiyasida iyun oyida ma’qullangan yangi tizim hozirda ishlab chiqaruvchilar tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda. U rasman tasdiqlangach, keng miqyosda joriy etilishi kutilmoqda.
Hozirda Rim va Milan kabi yirik Italiya shaharlaridagi ayrim aeroportlarda ushbu texnologiyalar sinov tarzida o‘rnatildi. Italiyadagi 7 ta terminal zamonaviy skanerlar bilan jihozlangan bo‘lib, ular orqali yo‘lovchilar kattaroq hajmdagi suyuqliklarni qo‘l yukida olib o‘tish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Yevropa bo‘ylab boshqa mamlakatlar ham bu jarayonga qo‘shilmoqda. Jumladan, Germaniya, Irlandiya, Litva, Malta, Shvetsiya va Niderlandiyadagi bir nechta aeroportlar ham yaqin vaqtlarda ushbu texnologiyani joriy qilishni rejalashtirmoqda.
Bunday o‘zgarishlar, albatta, millionlab yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishi kutilmoqda. Endi kosmetika, parfyumeriya yoki shifobaxsh vositalarni maxsus idishlarga solib, qayta-qaita o‘lchash va chegaralash talab etilmasligi mumkin.
Biroq bu tizimning keng qo‘llanilishi ma’lum vaqt talab qilishi mumkin, chunki yangi uskunalar an’anaviy qurilmalarga nisbatan ancha qimmat va har bir aeroportda uni joriy etish uchun muayyan budjet va texnik tayyorgarlik kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, yangi tizim xalqaro havo qatnovi xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Yevropa Ittifoqi bu yo‘nalishda zamonaviy yondashuvni tanlab, insoniy omilga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Jamoatchilik esa yaqin kelajakda bunday qulayliklar hayotlariga qanday ta’sir qilishi mumkinligini qiziqish bilan kutmoqdalar.
Yevropa aeroportlarida suyuqlik cheklovi yaqinda bekor qilinishi mumkin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar