
Fransiyada so‘nggi 75 yilda kuzatilgan eng yirik o‘rmon yong‘ini hanuz to‘liq o‘chirilgani yo‘q. Parijdan kattaroq hududni qamrab olgan yong‘in seshanba kuni Ribaute qishlog‘i yaqinida boshlangan. Bir ayol halok bo‘ldi, 13 kishi, jumladan 11 o‘t o‘chiruvchi jarohat oldi, ikki nafari og‘ir ahvolda.
Yong‘inni bartaraf etishga 2 mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi, 500 ta texnika va armiya xodimlari jalb qilingan. Suv sepuvchi samolyot va vertolyotlar yordamida 17 ming gektardan ortiq hududdagi alangalar nazorat ostiga olindi, ammo to‘liq o‘chirish uchun bir necha kun kerak bo‘lishi aytilmoqda.
Hududdagi o‘rmonlarga kamida yakshanbagacha kirish taqiqlangan, yo‘llarda esa qulagan elektr simlari va boshqa xavflar mavjud. Mahalliy hokimiyat fuqarolarga uylarga qaytmaslikni tavsiya qilmoqda, vaqtinchalik turar joy punktlari ochilgan.
Bosh vazir Fransua Bayru yong‘inni “misli ko‘rilmagan miqyosdagi falokat” deb atab, uni global isish va qurg‘oqchilik bilan bog‘ladi. Atrof-muhit vaziri ham iqlim o‘zgarishining rolini ta’kidladi. Kuchli shamol va quruq o‘simliklar olovning tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Jonkieres qishlog‘ining qariyb 80 foizi yong‘inda zararlangan. Prezident Emmanuel Makron barcha davlat resurslari safarbar etilganini ma’lum qildi va aholiga maksimal ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini eslatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar