Azizlar, bugun 9 avgust. Donald Trampning urushni to‘xtatish bo‘yicha Putinga bergan eng oxirgi muddati yakuniga yetdi. Biz sizga muhlat tugaganini eslatishga va’da bergandik. O‘sha videomizda taxmin qilganimizdek, Rossiyaga qarshi hech qanday sanksiya joriy qilinmadi. Lekin Tramp Putin bilan ko‘rishishga kelishib oldi. Bu uchrashuvda Zelenskiy ham qatnashishi mumkin. Ikki prezident Amerika o‘z vaqtida Rossiyadan sotib olgan Alyaskada ko‘rishadigan bo‘ldi. Bu uchrashuv urushni tugatishi mumkin.
Nega Alyaska?
Demak, Tramp va Putin 15 avgust kuni Alyaskada uchrashadi. Bu haqda birinchi bo‘lib Tramp e’lon qilganiga qaraganda, uchrashuv joyini uning o‘zi tanlagan. Rossiya prezidenti avvalroq BAA prezidenti bilan uchrashuv vaqtida bu davlatni «Tramp bilan uchrashish uchun qulay joy» degandi. Esingizda bo‘lsa, Ukraina va Rossiya ilk asirlar almashinuvini ham shu davlatda o‘tkazgandi. Biroq Rossiya ortiq muzokaralarda kuchli pozitsiyada emasga o‘xshaydi, chunki uchrashuv Putin xohlagan BAAda emas, Tramp xohlagan Alyaskada bo‘ladi.
Amerikaliklar uchrashuv uchun nega Alyaskani tanlashgani tushunarli. Birinchidan, bu ikki davlat chegarasida joylashgan shtat. Ikkinchidan, amerikaliklar Putinga ota-bobolari Alyaskani Rossiyadan sotib olganini eslatmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi.
Aytgancha, Tramp o‘ziga yaqinroq bo‘lsin deb Alyaskani tanlamaganini xaritadan ko‘rib olishingiz mumkin. Tramp Amerikaning narigi chekkasidan Kanada osmoni uzra uchib Alyaskaga yetib boradi. Putin ham olis yo‘l bosadi, lekin Alyaska Rossiyaning shundoqqina chegarasida joylashgan. Masalan, Rossiyaning Anadir shahridan Alyaskagacha atigi 360 km. Bering bo‘g‘ozida esa ikki davlatni 86 km suvlik ajratib turadi. Shu sabab uchrashuv joyi sifatida Alyaska tanlanganini siyosiy qaror deyish mumkin.
Putin va suhbatlar
Oxirgi kunlarda Vladimir Putinning bir ishi e’tiborni tortdi. U juda ko‘p davlat rahbarlariga telefon qilib negadir Stiven Uitkoff bilan uchrashuv tafsilotlari haqida gapirib berdi. Putin avvaliga JAR prezidenti Siril Ramafosaga, keyin O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus prezidentlariga, so‘ng Xitoy raisi Si Jinping va Hindiston bosh vaziri Modiga telefon qilib, Trampning vakili bilan uchrashuv haqida aytib berdi. Orada Rossiya xavfsizlik kengashi doimiy a’zolari ishtirokida yig‘ilish ham o‘tkazdi.
Putin nega Uitkoff bilan uchrashuv tafsilotini bunchalik ko‘p odamga aytib bergani qiziq. Bu davlatlar Rossiyaning muhim iqtisodiy hamkorlari ekani inobatga olinsa, balki Putin Tramp bilan kelisha olmagan taqdirda qo‘yilajak ikkilamchi sanksiyalarni muhokama qilgandir.
Demak, dunyomiz tinchlikka yaqinlashishi uchun real imkoniyat paydo bo‘ldi. Bugundan boshlab ushbu uchrashuvga ko‘proq to‘xtalamiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!