date

Isroilda G‘azoni egallab olish rejasi atrofida tortishuvlar kuchaydi

Isroilda G‘azoni egallab olish rejasi atrofida tortishuvlar kuchaydi

Yaqin Sharqdagi ziddiyat yanada qizib borar ekan, Isroil siyosiy sahnasida G‘azo shahri va butun G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatish rejasi jiddiy bahs va tortishuvlarga sabab bo‘ldi.

8 avgust kuni Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid xavfsizlik kabinetining qabul qilgan yangi qarorini qattiq tanqid ostiga oldi. Uning ta’kidlashicha, hukumatning G‘azo shahrini egallash va u yerdagi HAMAS harakatini to‘liq mag‘lub etish rejasi “ko‘plab boshqa og‘ir va qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan falokatli qadam” hisoblanadi, deb yozadi Lapid o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Lapid fikricha, bunday harakat nafaqat mintaqadagi ziddiyatni yanada kuchaytiradi, balki isroillik garovga olingan shaxslar hamda ko‘p sonli askarlar hayoti xavf ostida qolishiga olib keladi. U bosh vazir Binyamin Netanyahuni armiya rahbariyatidagi jiddiy e’tirozlarga qaramasdan, o‘ta o‘ng siyosiy qanotdagi hamkorlari — milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va moliya vaziri Betsalel Smotrich bosimiga berilishda aybladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ikki vazir Isroil hukumatidan butun G‘azo sektori ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish va u yerda yashovchi taxminan 2 million falastinlikni chiqarib yuborishni talab qilmoqda. Bu talab, o‘z navbatida, xalqaro maydonda ham jiddiy tanqid va xavotir uyg‘otmoqda.

8 avgust tonggida Isroil xavfsizlik mahkamasi Falastinning HAMAS harakatini “mag‘lub etish” va G‘azo shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish rejasini ma’qulladi. Bu qaror tungi muhokamalardan so‘ng, urushni to‘xtatish haqidagi xalqaro chaqiriqlar tobora kuchayib, mamlakat ichida esa HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiri yuzasidan noroziliklar ko‘payib borayotgan bir paytda qabul qilindi.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu esa bu rejalar haqida avvalroq Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati butun G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatish niyatida. Hozirda esa Isroil armiyasi eksklav hududining to‘rtdan uch qismini nazorat qilib turibdi.

Aniq natija va vaziyat rivojini esa faqat vaqt ko‘rsatadi. Savol esa shunda qolmoqda: bu reja mintaqada tinchlik va barqarorlikka yo‘l ochadimi yoki ziddiyatlarni yanada kuchaytiradimi?

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilda G‘azoni egallab olish rejasi atrofida tortishuvlar kuchaydi