Rossiyaning Ryazan viloyatida joylashgan va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yirik sanoat korxonasi — “Elastik” zavodi yana fojiali voqea markaziga aylandi. Ryazan tezkor xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, korxonaning qurol ishlab chiqarish bo‘limida sodir bo‘lgan kuchli portlash butun hududda shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Rasmiy ma’lumotlar portlash oqibatida kamida 5 inson hayotdan ko‘z yumganini, yana 20 nafar shaxs turli darajadagi tan jarohatlari olganini tasdiqlamoqda. Jabrlanuvchilar orasida korxonadagi ishchilar, shuningdek, portlash sodir bo‘lgan vaqtda hududda xizmat olib borayotgan texnik mutaxassislar ham bor.
Guvohlar so‘zlariga qaraganda, portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, uning tovushi bir necha kilometr masofadagi aholi punktlaridan ham eshitilgan. Hodisadan keyin yong‘in xavfsizligi bo‘yicha maxsus guruhlar zudlik bilan voqea joyiga yetgan. Biroq yuqori harorat va portlovchi moddalarning xususiyati sabab yong‘in tezda yoyilgan. Mutasaddilarning aytishicha, ayni vaqtda yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Bu zavodda avval ham yirik falokat qayd etilgan — 2021 yilda texnologik jarayondagi qo‘pol qonunbuzarlik tufayli sodir bo‘lgan portlashda 17 kishi halok bo‘lgan, yana ko‘plab ishchilar og‘ir jarohatlar olgan edi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi hozirgi hodisa yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atdi. Tergovchilar dastlabki taxmin sifatida texnologik intizomning buzilishi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasligi yoki inson omilini asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rmoqda. Mutassislar portlashning aniq sabablarini, moddiy zarar hajmini va korxona faoliyatiga yetgan iqtisodiy ta’sirni o‘rganmoqda.
Mazkur falokat Rossiyadagi sanoat xavfsizligi, ayniqsa, harbiy-sanoat majmuasi korxonalarida texnologik intizom va xavfsizlik standartlariga rioya etilishi masalasini yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Muttaxassislar bunday obyektlarda xavfsizlik nazoratini kuchaytirish va xodimlar tayyorgarligini yuqori darajada ta’minlash zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!