date

London qirg‘iz kripto-tarmoqlariga zarba berdi: Britaniya sanksiyalari kuchaytirildi

London qirg‘iz kripto-tarmoqlariga zarba berdi: Britaniya sanksiyalari kuchaytirildi
Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi bosim choralarini yanada kuchaytirdi. London rasmiylari Moskvaning G‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam berayotgani aytilgan qirg‘iz kriptovalyuta tarmoqlariga nisbatan jiddiy cheklovlar joriy etdi. Bu haqda dw.com xabar tarqatdi.
20 avgust kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, Britaniya hukumati uch nafar shaxs va beshta kompaniyani qora ro‘yxatga kiritdi. Ular orasida Qirg‘izistondagi yirik kriptovalyuta platformalari — Grinex va Meer Crypto Exchange'ni boshqaruvchi Tengricoin kompaniyasi, rublga bog‘langan A7A5 kriptovalyuta tizimini ishlab chiqqan Old Vector kompaniyasi hamda Luksemburgda joylashgan Altair Holding ham borligi ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga qaraganda, oxirgi to‘rt oy ichida A7A5 orqali Rossiya uchun 9,3 milliard dollardan ortiq tranzaksiyalar amalga oshirilgan. Britaniya bunday yirik operatsiyalarni Moskvaning sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatilgan sxema sifatida baholamoqda.
Shuningdek, sanksiyalar doirasida Qirg‘izistonning “Markaziy Osiyo kapital banki” va uning rahbari Kantemir Chalboyev, shu bilan birga savdo kompaniyasi boshlig‘i Janishbek Uulu Nazarbek ham qora ro‘yxatdan joy oldi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Stiven Dauti ushbu qarorga izoh berib:
“Agar Kreml turli shubhali kriptovalyuta tarmoqlari orqali G‘arb sanksiyalarining ta’sirini kamaytirishga urinsa, bu urinishlar mutlaqo samarasiz bo‘ladi”, — deya ta’kidladi.
Mutaxassislar fikricha, Londonning bu choralari Moskva uchun yangi moliyaviy bosim bo‘lib, kriptovalyuta orqali yashirin operatsiyalarga ham chek qo‘yishi mumkin. Ayniqsa, sanksiyalar kriptovalyuta bozoridagi shaffoflik masalasini yanada dolzarb qilib qo‘yishi aytilayapti.

E’tiborlisi shundaki, mazkur qaror AQSH prezidenti Donald Tramp, Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy hamda Yevropa yetakchilari, jumladan Britaniya bosh vaziri Key Starmer ishtirok etgan Vashingtondagi muhim uchrashuvlardan so‘ng qabul qilindi. Bu esa G‘arb mamlakatlari Rossiyaga qarshi yagona frontda harakat qilayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » London qirg‘iz kripto-tarmoqlariga zarba berdi: Britaniya sanksiyalari kuchaytirildi