date

Kolumbiyada aviabaza yaqinida portlashda besh kishi halok bo‘ldi

Kolumbiyada aviabaza yaqinida portlashda besh kishi halok bo‘ldi
Kolumbiyada yana qayg‘uli va dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Mamlakatning Kali shahrida joylashgan havo kuchlari bazasi yaqinida yirik portlash ro‘y berdi. Mahalliy hokimiyatlarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu portlash oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, yana 36 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Bu haqda shahar ma’muriyati rasman ma’lumot berdi. Kali meri Alexandro Eder aholiga qilgan murojaatida hodisani narkoterrorchilar amalga oshirgan hujum sifatida baholadi. “Kali yana bir bor terrorchilarning qurboniga aylandi. Bir necha daqiqa avval havo kuchlari bazasi yaqinida yuk avtomobili portlab ketdi”, – dedi shahar rahbari.

Ederning ta’kidlashicha, hukumat va qutqaruv xizmati barcha kuchlarni ishga solgan holda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatmoqda. Shahar hokimiyatining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida ham bu haqda xabar tarqatildi. Unda “jabrlanuvchilarga yordam berish uchun barcha tibbiy va qutqaruv xizmatlari safarbar etildi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 5 kishi halok bo‘lgan, 36 nafar fuqaro esa turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan” deyilgan.

Bu hujum nafaqat shaharda, balki butun mamlakatda keskin tarzda muhokama qilinmoqda. Terrorchilikka qarshi kurashish masalasi yana bir bor dolzarblik kasb etdi. Mutasaddilarning aytishicha, bu kabi hodisalar aholining xavfsizligi uchun jiddiy tahdid bo‘lib, davlat organlari masalaga qattiqqo‘llik bilan yondashishi shart.

Alexandro Eder o‘z nutqida hujumni amalga oshirgan shaxslar va ularning hamkorlarini topish uchun alohida mukofot e’lon qilinganini ham ma’lum qildi. Mer aholini hushyorlikka chaqirar ekan, “Har qanday ma’lumot, hatto kichik bir dalil ham tergov jarayonida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin”, – deya ogohlantirildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kolumbiyada aviabaza yaqinida portlashda besh kishi halok bo‘ldi