Dubay xalqaro aeroportida jahon miqyosida ilk bor sun’iy intellekt texnologiyasi asosida yaratilgan maxsus yo‘lak ishga tushirildi. Bu haqda AZЕRTADJ agentligi ma’lum qildi. Yangi tizimning asosiy maqsadi — yo‘lovchilar harakatini ancha tezlashtirish va ularga hujjatlarni ko‘rsatmasdan ham to‘xtovsiz immigratsiya nazoratidan o‘tish imkoniyatini taqdim etishdir.
Dubayning Rezidentlik va xorijliklar bilan aloqalar boshqarmasi (GDRFA) bosh direktori, general-leytenant Muhammad Ahmad Al Marrining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt yo‘lagi bir vaqtning o‘zida o‘n nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, tizim yo‘lovchilarni nazorat punktlariga yetib borgunga qadar aniqlay oladi va ularning xavfsizligini ta’minlaydi.
Yangi yo‘lakning joriy qilinishi orqali aeroportning o‘tkazuvchanlik salohiyati ikki barobarga oshishi kutilmoqda. Bu nafaqat yo‘lovchilar oqimini tezkor boshqarishga, balki qoidabuzarlik holatlarini vaqtida aniqlashga ham xizmat qiladi. Shuningdek, shubhali pasportlar va hujjatlar darhol tegishli bo‘lim mutaxassislariga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Dubay xalqaro aeroporti 2024 yil yakuniga ko‘ra, xalqaro yo‘lovchi tashish bo‘yicha dunyodagi eng gavjum va serqatnov havo bandargoxi maqomini saqlab qolgandi. Yangi texnologiyalarning joriy etilishi kutish vaqtlarini qisqartiradi, yo‘lovchi oqimini tartibga soladi va har bir sayohatchi uchun qulaylik yaratadi.
Dubay aeroportida sun’iy intellekt yo‘lagi yo‘lovchilar uchun ishga tushirildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar