"Wall Street Journal" nashri Amerika rasmiylariga tayanib ma’lum qilganidek, Pentagon so‘nggi bir necha oy mobaynida Ukraina qurolli kuchlariga uzoq masofali raketa va artilleriya vositalaridan foydalanib, Rossiya hududidagi strategik nuqtalarga chuqur zarbalar berishiga cheklov qo‘yib kelmoqda.
Manbalarda ta’kidlanishicha, bunday qaror Ukraina harbiy operatsiyalari imkoniyatlarini ancha tor doirada saqlab qo‘yayotganini ko‘rsatadi. Vashington bu orqali Kreml rahbariyatini tinchlik muzokaralari stoliga o‘tqazish niyatida harakat qilayotgani aytilmoqda.
Pentagon pozitsiyasiga ko‘ra, uzoq masofali qurollardan Rossiyaning ichki hududlariga zarbalar berish orqali mojaro yanada kengayib ketishi mumkin. Shu bois AQSH tomonidan Kiyevning bu kabi urinishlariga amaliy veto qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina rahbariyati esa bunday cheklovlar mamlakatning mudofaa imkoniyatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab kelmoqda. Chunki Rossiyaning chuqur hududida joylashgan harbiy infratuzilmalar va ta’minot yo‘llariga zarba berish orqali frontda ustunlikka erishish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin edi.
"Wall Street Journal" yozishicha, Oq uy bu masalada ehtiyotkorlik siyosati yuritib, mojaroning yanada keskinlashishidan qochishga harakat qilmoqda. Mutasaddilar fikricha, Vashington bu orqali urushni cheklash va Moskva bilan potensial muzokaralar uchun maydon yaratishni maqsad qilmoqda.
AQSH Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berishga yo‘l qo‘ymayapti
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar