Qirg‘izistonda tibbiy ta’lim tizimida muhim islohotlar boshlandi. Prezident Sadir Japarov maxsus farmonga imzo chekib, mamlakatda tibbiy kadrlar tayyorlashda davlat monopoliyasini o‘rnatish haqida qaror qabul qildi.
Ushbu farmonga ko‘ra, Isa Oxunboyev nomidagi Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasi tibbiy ta’lim yo‘nalishida yagona vakolatli muassasa sifatida faoliyat yuritadi. Boshqa xususiy tibbiy oliygohlar esa cheklovlar bilan ishlaydi yoki akademiyaning filiali sifatida faoliyat olib borishi mumkin.
Hukumat bayonotiga ko‘ra, bu choralar xususiy tibbiy OTMlarning keskin ko‘payib ketishi va ularning aksariyatida o‘quv jarayonining sifatsiz tashkil etilgani bilan izohlanadi. Ko‘pgina xususiy muassasalar klinik bazaga ega emas, o‘qituvchi-pedagoglar esa zarur talablarga to‘liq javob bermaydi. Ayrim hollarda talabalar amaliyotsiz diplom olib chiqqan. Natijada malakali bilimga ega bo‘lmagan bitiruvchilar soni ko‘paygan va bu holat Qirg‘iziston ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuziga putur yetkazgan.
Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 iyunga qadar barcha xususiy tibbiy oliygohlar davlat akkreditatsiyasidan o‘tishi shart. Keyinchalik ular akademiyaning bo‘limlari sifatida ishlashi mumkin bo‘ladi. Agar akkreditatsiyadan o‘tolmasa, tayyorlov kurslari yoki klinik baza sifatida faoliyat yuritishlari mumkin. Shu bilan birga, hukumatga 2026 yil 1 yanvarigacha tibbiyot va farmatsevtika sohasi uchun yagona davlat standartini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Rasmiylar ta’kidlashicha, mazkur islohotning asosiy maqsadi tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, korrupsiya xavfini kamaytirish va Qirg‘izistonning xalqaro nufuzini himoya qilishdir.
OAV xabariga ko‘ra, ayni vaqtda xususiy tibbiy universitetlarda asosan Janubi-Sharqiy Osiyodan kelgan talabalar — Pokiston, Hindiston, Bangladesh, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistondan borgan yoshlar tahsil olib kelayotgan edi. 2020 yilda esa Pokiston hukumati Qirg‘izistonning tibbiy universitetlarini qora ro‘yxatga kiritgan. Sababi, u yerda o‘qib qaytgan talabalarning 90 foizi Pokistonda o‘tkazilgan litsenziya imtihonlaridan o‘ta olmagan.
Yaqinda esa Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda 20 mingdan ziyod talaba, jumladan ko‘plab xorijliklar o‘qishdan chiqarilgani ma’lum qilindi. Ular asosan Bishkek va O‘sh shaharlaridagi xususiy tibbiy muassasalarda o‘qigan.
Shunday qilib, Qirg‘iziston hukumati bu cheklovlar orqali tibbiy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va mamlakatda yetuk mutaxassislar tayyorlashni asosiy maqsad qilib qo‘ymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!