30-avgust kuni Pokistonning turli hududlarida kuchli musson yomg‘irlari yuzaga keldi. Bu haqda “Daily Times” nashri xabar berdi.
Laxor shahrida yomg‘irlar kuchayar ekan, tog‘li Murri hududlarida ham qattiq shamol va yomg‘ir kuzatilgan. Mahalliy hokimiyat pastliklardan iborat mintaqalarda suv toshqinlari ro‘y berishi mumkinligi to‘g‘risida aholini ogohlantirdi.
Ko‘plab hududlarda, jumladan Abbotobod, Naroval, Ferozvala, Baxavalpur va boshqa mintaqa markazlariga ham musson yomg‘irlari salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Pastliklarda suv to‘planib, elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Ayrim hududlarda qattiq shamol oqibatida elektr uzatish liniyalari uzilib, shaharlar qorong‘u holatga tushgan.
Laxorda chaqmoq urishi natijasida ikki nafar inson halok bo‘ldi. Ferozvalada esa uy tomining qulashi tufayli bir ayol qurbon bo‘ldi. Shuningdek, uch kishi qattiq shamol oqibatida tan jarohati oldi. Qutqaruvchilari zararlangan hududlarda aholiga yordam ko‘rsatish va xavfsizlik choralarini amalga oshirishda faol harakat qilmoqda.
Pokiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2-sentyabrgacha yomg‘irlar davom etishini ma’lum qildi. Hokimiyat aholiga ehtiyot bo‘lish va bundanda hamda kuchli ob-havo sharoitiga tayyor turishni tavsiya etmoqda. Ba’zi zaif infratuzilmaga ega hududlar uchun evakuatsiya rejalari ishlab chiqilgan va favqulodda yordam ko‘rsatish choralari tatbiq qilinmoqda.
Umuman olganda, Pokistonda musson yomg‘irlari yoz boshidan beri to‘xtovsiz yog‘moqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 700ga yaqin kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan.
Shuningdek, Pokiston iqlimi doimo o‘zgaruvchan mamlakatlar qatoriga kiradi. Mintaqada so‘nggi yillarda ekstremal ob-havo hodisalari tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, 2022-yilda musson yomg‘irlari tufayli mamlakatning uchdan biri suv ostida qolgan va qariyb 1700 kishi halok bo‘lgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar