Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida yangi kelishmovchilik yuzaga keldi. AnewZ nashri yozganidek, Hindiston Ozarboyjonning SHHTga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilish uchun taqdim etgan arizasini yana rad etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston bu qarorni Ozarboyjonning Pokistonni ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlashi bilan izohlamoqda. Hindistonlik diplomatlar fikricha, bu holat ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga hamda «Shanxay ruhi»ga zid. Chunki SHHT doirasida ikki davlat o‘rtasidagi mojarolar tashkilot maydoniga ko‘chirilmasligi lozim.
Biroq Xitoy mutlaqo boshqa pozitsiyada. Pekin rasmiylari Ozarboyjonning arizasini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, uning SHHT tamoyillariga mos kelishini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, siyosatshunoslar bunday vaziyat tashkilot ichidagi ziddiyat va kelishmovchiliklarni yanada oydinlashtirayotganini qayd etmoqda. Bir tomonda Xitoyning yordami va rag‘bati, ikkinchi tarafda esa Hindistonning keskin bloklovchi pozitsiyasi ko‘zga tashlanmoqda.
Bokudagi ismi oshkor etilmagan rasmiylar bu qaror Ozarboyjonning siyosiy yo‘nalishiga ta’sir qilmasligini aytib, ammo mazkur qadam ko‘ptomonlama diplomatiya va SHHT ruhiyatiga zid ekanini bildirishdi. APA agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bu jarayonga javob tariqasida Pokiston Armanistonning tashkilotga a’zo bo‘lish arizasini rad etgan.
Ayni damda SHHTning to‘liq a’zolari quyidagilar: Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston, O‘zbekiston va Belarus. Shuningdek, tashkilot huzurida kuzatuvchi davlatlar (Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston), shuningdek, muloqot hamkorlari sifatida olti mamlakat — Ozarboyjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka ham faoliyat yuritmoqda.
Bunday vaziyat SHHTning ichki muvozanati yanada sinalishini anglatadi. Tashkilotning qaysi yo‘nalishda rivojlanishi esa kelgusi muzokara va qarorlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!