Hindistonning Udaypur shahrida sud teri rangi sabab ayolini yoqib yuborgan erkakka o‘lim jazosi tayinladi. Sudya bu jinoyatni “insoniyatga qarshi” va “eng dahshatli holatlardan biri” deb baholadi.
Marhuma Lakshmi hayotining so‘nggi kunlarida politsiyaga va shifokorlarga erining uni qoratanliligi uchun doim haqorat qilganini aytgan. 2017-yilda eri unga “teri oqartiruvchi dori” sifatida suyuqlik surtib, keyin uni olovda yoqib yuborgan. Og‘ir kuygan Lakshmi shifoxonada vafot etgan.
Sud jarayonida ayolning eriga qarshi dalillar keltirildi. Prokuror bu hukmni “tarixiy” deb atadi va u jamiyat uchun ogohlantirish bo‘lishini ta’kidladi.
Hukm Hindistonda teri rangi bo‘yicha kamsitish muammosini yana bir bor ochib berdi. Mamlakatda oq tanli bo‘lishga ortiqcha e’tibor va terini oqartiruvchi mahsulotlarga talab jamiyatda katta bosim tug‘dirayotgani qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!