AQSH prezidenti Donald Tramp 3 sentyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuvda yangi saylangan Polsha rahbari Karol Navrotskiy bilan muloqot qilib, mamlakatning Yevropa markazidagi harbiy mavqei haqida muhim bayonot berdi. Unga ko‘ra, Amerika o‘z qo‘shinlarini Polshadan olib chiqish niyatida emas, aksincha, zarurat bo‘lsa, bu yerdagi ishtirokini yanada kuchaytirishi mumkin.
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, Polsha AQSH uchun har doim ishonchli hamkor bo‘lib kelgan va bunday strategik sheriklik Vashington uchun juda muhim. «Biz Polshani hech qachon xavfsizlik masalasida yolg‘iz qoldirmaymiz. Agar polyaklar xohlasa, mamlakatdagi harbiy quvvatimizni yanada oshirishga ham tayyormiz», — dedi Tramp.
Prezident shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixan doim mustahkam bo‘lganini eslatib o‘tdi. Biroq u hozirgi aloqalarni «hammadan ham yaxshiroq va eng ishonchli davr» sifatida baholadi.
Polsha prezidenti Karol Navrotskiy uchrashuv yakunlarini yuqori baholar ekan, quyidagicha fikr bildirdi: «Tramp bizga xavfsizlik bo‘yicha kafolat berdi. Bu Polsha uchun juda katta muvaffaqiyat. Biz harbiy sohadagi ittifoqchilik munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga kelishdik».
Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot chog‘ida Amerika qo‘shinlarining Polsha hududidagi ishtiroki va uni kengaytirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilingan. Navrotskiy, shuningdek, Donald Trampni Varshavaga rasmiy tashrif buyurishga taklif etdi. Taklif qabul qilindi, ammo tashrif sanasi hozircha aniq belgilanmagan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, AQSH va Polsha o‘rtasidagi hamkorlik Sharqiy Yevropadagi xavfsizlik muvozanatini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!