Pragada o‘tkazilgan Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining mudofaa sammitida NATO bosh kotibi Mark Ryutte muhim bayonot bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tinchlik kelishuviga erishilsa, Ukraina hududida G‘arb qo‘shinlari joylashtirilishini hal qilishga Moskva aralashish huquqiga ega emas, bu masalada faqat Kiyev qaror qabul qiladi.
«Rossiyaning Ukraina haqidagi fikri nima uchun biz uchun ahamiyatli bo‘lishi kerak? Ukraina mustaqil davlat. U o‘z xavfsizligini qanday ta’minlashni o‘zi belgilaydi. Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun Rossiyadan ruxsat olmagan. Agar Ukraina xavfsizlik kuchlarini taklif etishni maqsadga muvofiq deb bilsa, bu uning to‘liq huquqidir», — dedi Ryutte Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikrlariga izoh berar ekan.
NATO rahbarining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainada tinchlikparvarlik missiyasi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor, ammo Amerika qo‘shinlarini u yerga yuborish haqida hech qanday masala kun tartibida emas. Uning fikricha, AQSH prezidenti Donald Tramp Kiyev uchun haqiqiy xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash zarurligini yaxshi anglab yetadi va bu yo‘nalishda qat’iy harakat qilmoqda.
«U Budapesht memorandumi yoki Minsk kelishuvlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaydi», — deya alohida urg‘u berdi Mark Ryutte.
Bu bayonot xalqaro maydonda Ukraina mustaqil qarorlarini himoya qilishga qaratilgan muhim siyosiy signal sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!