date

Finlandiya Rossiyadan qochgan yuzdan ortiq shaxsni deportatsiya qildi

Finlandiya Rossiyadan qochgan yuzdan ortiq shaxsni deportatsiya qildi

Finlandiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng qamrovli urush boshlaganidan keyin bu mamlakatdan qochgan rossiyaliklarga nisbatan ommaviy chiqarish jarayonini boshladi. Fin politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvaridan sentyabriga qadar siyosiy boshpana so‘rovi rad etilgan 104 nafar Rossiya fuqarosi mamlakatdan deportatsiya qilingan. Bu haqda 5 sentyabr, juma kuni «Vot Tak» nashri xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil deportatsiyalar soni keskin oshdi. Buning asosiy sababi — rossiyaliklarning boshpana arizalari uzoq vaqt ko‘rib chiqilmagani bilan bog‘liq.

«Ikki yil mobaynida umuman suhbatlar o‘tkazilmadi. Hech kim bilan muloqot qilinmadi. Faqat ayrim holatlardagina tekshiruv bo‘lgan. Faollarimiz Fin ombudsmaniga murojaat qilib, shikoyatlar yozdi. Faqat 2024-yilning oxiridagina intervyu jarayonlari boshlandi», — dedi «Kemi urushga qarshi» harakati faoli va sobiq ko‘ngilli Maksim Aliyev.

Uning ta’kidlashicha, birinchi suhbatlardan so‘ng rossiyalik arizachilarning deyarli 90 foizi rad javobini olgan. Ulardan ko‘pchiligi Finlandiya Oliy sudiga apellyatsiya bilan murojaat qilgan va agar imkoniyat berilsa, boshpana uchun qayta ariza berishga tayyor.

Rad etishlarning asosiy qismi Rossiyadan safarbarlikdan qochib chiqib ketgan fuqarolar bilan bog‘liq. Finlandiya Migratsiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil may oyida kamida 1109 nafar rossiyalik harbiy chaqiruvdan bo‘yin tovlagani sababli boshpana so‘ragan. Biroq Fin rasmiylari ularning arizalarini qondirmadi va Rossiyada mobilizatsiya tugagani haqida qaror chiqardi.

Hujjatlarda o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu va prezident Vladimir Putinning bayonotlari asos qilib ko‘rsatilgan. Ammo tanqidchilarning ta’kidlashicha, mobilizatsiyani to‘xtatish haqida hech qanday rasmiy farmon imzolanmagan.

Shu bilan Finlandiyadagi rossiyalik qochoqlar taqdiri yana ham noaniq tus olmoqda. Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, keyingi oylarda yana ko‘plab arizalar ko‘rib chiqiladi va rad javoblari davom etishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Finlandiya Rossiyadan qochgan yuzdan ortiq shaxsni deportatsiya qildi