Yevropa Ittifoqi shu yil kuzidan yangi elektron chegara tizimini ishga tushirmoqchi. Bu tartib chet davlat fuqarolari Yevropaga kirganda va chiqqanda avtomatik ravishda qayd qilinishini ta’minlaydi. Maqsad – xavfsizlikni kuchaytirish va sayohatni qulayroq qilish.
Tizim Yevropaning 29 mamlakatida amal qiladi. Ular orasida Fransiya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya kabi o‘zbek sayyohlari ko‘p boradigan joylar ham bor. Endi pasportni muhrlash o‘rniga maxsus qurilma orqali odamning barmoq izi va surati olinadi.
Yangi tartib 12-oktabrdan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. Dastlab Dover portida avtobus yo‘lovchilari ro‘yxatdan o‘tadi, keyin boshqa sayyohlar ham qo‘shiladi. Ro‘yxatdan o‘tgan ma’lumotlar uch yil davomida amal qiladi.
Mutaxassislar dastlabki paytlarda uzun navbatlar bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Zarurat tug‘ilsa, vaqtincha eski tartib – ya’ni pasportni qo‘lda muhrlash davom ettiriladi. 2026-yildan boshlab esa yana qo‘shimcha tartib kuchga kiradi, unga ko‘ra vizasiz boradigan sayyohlar ham oldindan onlayn ruxsatnoma olishi shart bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!