Yaponiya siyosiy sahnasida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi – mamlakat bosh vaziri Sigeru Isiba o‘z lavozimidan ketishini rasman ma’lum qildi. Uning bunday qaror qabul qilishi hukmron Liberal-demokratik partiyaning parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin kuzatildi. Jurnalistlar ta’kidlaganidek, Isiba bundan asosiy maqsad sifatida partiya ichida bo‘linishning oldini olishni ko‘zlagan.
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Isiba Yaponiya AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan tuzilgan kelishuvni muvaffaqiyatli yakunlaganidan keyin ketishga qaror qilganini e’tirof etdi. Eslatib o‘tish joiz, yozda Tramp Tokioga bosim o‘tkazib, uni 1-avgustgacha savdo bitimini imzolashga majbur qilgan, aks holda Yaponiyaning eng yirik eksport bozoriga 25 foizlik bojlarni joriy etish bilan tahdid qilgan edi.
Isiba jurnalistlar oldida shunday dedi:
— Men doimo lavozimimga mahkam yopishib olmaganimni va tegishli vaqtda qaror qabul qilishimni aytganman. Amerika tariflari bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng, aynan shu vaqt keldi, deb hisoblayman. Shu bois ketish va yo‘lni yangi avlodga topshirishga qaror qildim.
2024-yil oktyabrida bosh vazir bo‘lgan Isiba avvalgi rahbar Fumio Kisida nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilganidan keyin partiya ichidagi saylovlarda g‘alaba qozongan edi. U hukumat rahbari sifatida inflyatsiyaga qarshi choralar ko‘rish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va partiya ichidagi islohotlarni amalga oshirishga va’da bergan. Biroq ko‘p o‘tmay, partiya mablag‘ yig‘ish bilan bog‘liq mojarolarga aralashib qoldi.
Iyul oyidagi saylovlarda Liberal-demokratik partiya va uning koalitsiyasi yuqori palatada ko‘pchilikni yo‘qotdi. Bu partiyaning 70-yillik tarixida ilk marotaba shunday holat kuzatildi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra, hukmron blok 248 o‘rindan atigi 47 mandatni qo‘lga kirita oldi.
NHK va Asahi Shimbun manbalariga ko‘ra, ko‘plab yapon siyosatchilari Isibani o‘z lavozimini bo‘shatishga chaqirgan. Ammo o‘tgan haftagacha u iste’foga chiqish niyati yo‘qligini bildirgan edi.
Ma’lumki, o‘ng markazchi Liberal-demokratik partiya 1955-yildan buyon Yaponiyada deyarli uzluksiz hokimiyatda turib kelmoqda, garchi rahbarlar tez-tez almashib turgan bo‘lsa ham. Isibaning bu qaroridan keyin partiya va hukumatning keyingi qadamlari butun mamlakat e’tiborida turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!