Mashhur musiqachi va rassom Viktor Soyning yana bir ijodiy ishi savdoga chiqarildi. “Rossiya san’ati. XVIII–XXI asrlar. Rassomlik, grafika, haykaltaroshlik” nomli auktsionda san’atkorning kartonga ishlangan rasmi lot sifatida taqdim etildi.
“First Names” kim oshdi savdosi ma’lumotlariga ko‘ra, rasmning boshlang‘ich narxi 1,5 million rubl qilib belgilangan. Shu bilan birga, sotuvdan tushadigan yakuniy summa 2,5 milliondan 6 million rublgacha yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Asarda og‘zidan sariq raketa uchib chiqqan qizil kvadrat odam tasvirlangan. Ushbu chizma 1980 yillarda aralash texnika yordamida yaratilgan bo‘lib, unga alohida nom berilmagan. Dastlab u fotosuratchi Sergey Borisov to‘plamida saqlangan.
Auksion uyi saytida qayd etilishicha: “Viktor Soyning serqirra iste’dodi vaqt sinovidan o‘tib, o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Uning ‘O‘zgarishlar’ qo‘shig‘i butun bir davr madhiyasiga aylangan. U san’atda ham erkin va dadil ijod qildi, o‘z asarlari orqali davr ruhini teran his etib, kelajakni tasavvur qilishdan cho‘chimadi”.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda san’atkorning yana bir chizmasi Vladey auksionida sotuvga qo‘yilib, 8 million rublga xarid qilingan edi. Bu lot o‘sha paytda kutilganidan besh baravar yuqori narxga chiqib, rekord o‘rnatgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!