Ispaniya milliy terma jamoasi va “Barselona” klubi hujumkor qanot o‘yinchisi Lamin Yamal Turkiyadan chiqib ketish arafasida kutilmagan muammoga duch keldi. Bu haqda mahalliy “Beyaz Futbol” nashri orqali ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 18 yoshli iqtidorli vinger o‘tgan hafta oxirida Turkiyaga qarshi o‘tkazilgan saralash bahsida ishtirok etgan. Eslatib o‘tamiz, Ispaniya jamoasi yirik hisobda — 6:0 hisobida zafar quchdi. Yamal esa ikkita aniq golli uzatma berib, o‘zining muhim hissasini qo‘shdi.
Biroq, yirik g‘alabadan so‘ng futbolchi kiyim almashtirish xonasida o‘z pasportini topa olmadi. U hujjatini ancha vaqt izlagan bo‘lsa-da, topish imkoni bo‘lmadi. Hozirgi vaziyatda yulduz futbolchining Ispaniyaga qanday qaytishi noma’lumligicha qolyapti.
Turk ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, hujjat ehtimol jamoa avtobusida qolib ketgan yoki aeroportdan mehmonxonaga yo‘l olish jarayonida yo‘qolgan bo‘lishi mumkin.
Lamin Yamal bu mavsum Ispaniya La Ligasida “Barselona” safida 3 ta bahsda maydonga tushdi. U “gol+pas” tizimida allaqachon 2 ta gol va 3 ta uzatma bilan katta samaradorlik ko‘rsatmoqda.
Hozir barcha e’tibor yosh yulduzning bu muammodan qanday chiqib olishida. Chunki faqat klubi emas, balki Ispaniya terma jamoasi ham uning xizmatidan umidvor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!