AQSH prezidenti Donald Tramp xorijiy kompaniyalarni Jorjiyadagi ICE reydidan keyin mamlakatning immigratsiya qonunlariga rioya qilishga hamda amerikalik aholi uchun ish o‘rinlari yaratishga da’vat qildi.
Tramp Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) tomonidan Jorjiyadagi Hyundai-LG zavodida o‘tkazilgan keng ko‘lamli reyd haqida fikr bildirib, xorijiy sarmoyadorlarni AQSHda faoliyat yuritishda “qonuniy yo‘llar” orqali ishchilarni yollash va ularni tayyorlashga chaqirdi.
O‘zining Truth Social platformasidagi bayonotida prezident qo‘shma shtatlarga sarmoya kiritish maqbulligini ta’kidladi, biroq bu jarayonda immigratsiya qonunlariga qat’iy rioya qilish zarurligini ham unutmaslik kerakligini eslatdi. “Biz barcha xorijiy kompaniyalardan AQSHning qonuniy talablariga hurmat qilishlarini talab qilamiz. Buning evaziga sizdan amerikalik ishchilarni yollab, ularni zarur bilim va malaka bilan ta’minlashingizni kutamiz”, – dedi Tramp.
Hodisa 5-sentyabr kuni ICE bo‘linmalari tomonidan Jorjiyadagi elektr avtomobillar akkumulyatorlarini ishlab chiqaruvchi zavodda amalga oshirildi. OAV xabarlariga ko‘ra, ushbu reydda 450 ga yaqin kishi hibsga olingan bo‘lib, ulardan 300 dan ortig‘i Janubiy Koreya fuqarolari ekan.
Seul rasmiylari AQSHning harakatlaridan “xavotir va afsusda” ekanliklarini bildirishdi. Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Li Chje Vun ta’kidlashicha, AQSHdagi sarmoya kiritayotgan kompaniyalar faoliyati va fuqarolarning huquqlari buzilmasligi lozim.
Shu bilan birga, Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati mahbuslarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar yakunlangani, zarur rasmiy tartib-qoidalar tugallangach, ularni olib ketish uchun AQSHga maxsus samolyot yo‘naltirilgani haqida ham ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!