Germaniyada uchuvchilar kasaba uyushmasi Vereinigung Cockpit tomonidan 900 dan ortiq uchuvchi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov xavotirli natijalarni ko‘rsatdi. Tadqiqotga ko‘ra, respondentlarning 93 foizi parvoz davomida kamida bir marta kokpitda uxlab qolganini ma’lum qilgan, deya yozadi The Guardian.
Kasaba uyushmasi vitse-prezidenti Katarina Dizeldorfning so‘zlariga ko‘ra, muammo bir martalik qisqa uyquda emas, balki doimiy charchoqda. “Kokpit jamoasining doimiy holda charchagan bo‘lishi jiddiy xavf tug‘diradi”, — deydi u.
So‘rovda qayd etilishicha, uchuvchilarning 12 foizi deyarli har safar uxlab qoladi, 44 foizi muntazam ravishda shunday qiladi, 33 foizi vaqti-vaqti bilan, 3 foizi esa faqat bir marta boshidan kechirgan. Qolgan 7 foiz esa bu holatning qanchalik tez-tez sodir bo‘lishini aniq ayta olmagan.
Kasaba uyushmasi bu vaziyatni “tashvishli haqiqat” deb atab, uni kadrlar yetishmasligi, ortib borayotgan charchoq va rahbariyat bosimi bilan bog‘ladi. Dizeldorf qo‘shimcha qilishicha, “avval qisqa tiklanish chorasiga aylangan narsa endi tizimli bosimga doimiy javob bo‘lib qolgan”.
Uyushma so‘rov ilmiy jihatdan vakolatli emasligini tan olgan bo‘lsa-da, natijalar aviakompaniyalar va mas’ul idoralar tezkor choralar ko‘rishi lozim bo‘lgan jiddiy muammoni ochib bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!