12 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tarixiy ahamiyatga ega hujjat — Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal etish va ikki davlat — Isroil hamda Falastinni tashkil qilish haqidagi deklaratsiyani ma’qulladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur deklaratsiyani jami 142 davlat qo‘llab-quvvatladi. Ular orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham bor. Shu bilan birga, 10 ta davlat, jumladan, AQSH va Isroil qarshi ovoz berdi. Yana 12 mamlakat, xususan Ispaniya, Kamerun va Shimoliy Makedoniya betaraf pozitsiyada qolishdi.
«Nyu-York deklaratsiyasi» deb atalgan hujjatning yo‘l xaritasi bir nechta muhim masalalarni o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olingan barcha shaxslarni ozod qilish, mustaqil va suveren Falastin davlatini tuzish nazarda tutilgan. Shuningdek, HAMASni qurolsizlantirish va hokimiyatdan chetlatish, Isroil bilan arab mamlakatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish hamda xavfsizlikka jamoaviy kafolatlarni ta’minlash masalalari deklaratsiyada qayd etildi.
Isroilning BMTdagi elchisi Dani Danon ovoz berishdan avval bu hujjatni «bir tomonlama qaror» sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, deklaratsiya tarixga tinchlik yo‘lidagi amaliy qadam emas, balki Assambleya obro‘siga soya soluvchi navbatdagi bo‘sh harakat sifatida kirishi mumkin.
Shu tariqa, xalqaro maydonda Isroil va Falastin muammosini hal etish borasidagi tortishuvlar yanada qiziy boshladi. BMTning yangi deklaratsiyasi esa kelajakdagi muzokaralar uchun asosiy nuqtalardan biriga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!