Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tashqi savdosida 1990-yillardan beri ilk bor barter ulushi yana o‘sishga yuz tutmoqda. Moskva va uning hamkorlari bu usul orqali ikklamchi sanksiyalar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni aylanib o‘tishga harakat qilmoqda.
Agentlik yozganidek, 1990-yillarda barter savdosi Rossiya uchun yuqori inflyatsiya va rubl qadrsizlanishi sharoitida foydali yechim hisoblangan. Bugun esa dollarning cheklangan tranzaksiya imkoniyatlari sabab bu mexanizm yana qo‘llana boshladi. Xususan, Xitoydagi ko‘plab banklar sanksiyalarga duch kelishdan qo‘rqqani uchun Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri pul qabul qilishdan bosh tortayapti. Barter operatsiyalarini esa kuzatish va nazorat qilish ancha qiyinroq hisoblanadi.
2024-yil boshida Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi «Tashqi savdo barter bitimlari navigatori»ni e’lon qilgan edi. Unda sanksiyalarni chetlab o‘tish maqsadida barterdan foydalanish bo‘yicha qisqa yo‘riqnoma taqdim etilgan va maxsus barter birjasi sifatida ishlaydigan savdo platformasi yaratish taklifi bildirilgan. Reuters ma’lumoticha, bu kabi sxemalarning amalda qo‘llanayotganiga oid dalillar endigina oshkora bo‘la boshladi.
Jurnalistlar tomonidan o‘rganilgan sakkizta yirik barter bitimidan biri doirasida Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillar Rossiyaga bug‘doy evaziga yetkazib berilgan. Ya’ni rossiyalik kompaniyalar mamlakatda donni rublga xarid qilib, xitoylik hamkorlarga topshirgan, ular esa o‘z navbatida oldindan yuanga sotib olingan transport vositalarini taqdim etgan.
Yana ikki kelishuvda Rossiya kompaniyalari zig‘ir urug‘ini maishiy texnika va qurilish materiallariga almashtirgan, ulardan biri qiymati 100 ming AQSH dollaridan ortiq summaga bag‘ishlangan. Boshqa operatsiyalarda esa rossiyalik kontragentlar Xitoyga alyuminiy, turli metallar va xomashyo yetkazib berish orqali mashinalar va xizmatlar qo‘lga kiritgan. Hatto Pokiston bilan ham shunga o‘xshash barter bitimi amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, ayrim bitimlar orqali Rossiya sanksiyalar ostidagi G‘arb mahsulotlariga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Reuters’ning savdo sohasidagi uch nafar suhbatdoshi bu kabi amaliyotning «tobora keng yoyilayotganini» tasdiqlagan. Biroq ularning shaffof emasligi sabab barter savdosining umumiy hajmini aniq belgilash juda mushkul ekani ta’kidlandi.
Shu tariqa, Rossiya tashqi savdosida qaytadan ommalashayotgan barter bitimlari sanksiyalar sharoitida asosiy vositalardan biriga aylanayotgani kuzatilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!