
Qozon shahrida o‘zbekistonlik fuqaro 45 kun davomida vaqtincha izolyatorda ushlab turilishi haqida Qozondagi Bosh konsulxona rasmiy munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada O‘zbekiston fuqarosining “Qozondagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasasida 45 kundan beri saqlanayotgani” va Vataniga qaytishda yordam so‘ragani aks etgani qayd etilgan edi. O‘rganishlar natijasida mazkur shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.A. (1983-yilda tug‘ilgan) ekani aniqlandi.
M.A. ga nisbatan 2025-yil 2-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 18.8-moddasi 1.1-qismi (“mamlakatda qolish rejimini buzish”) bo‘yicha ma’muriy choralar qo‘llangan va Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, M.A. 2025-yil 11-iyulida ham xuddi shu modda bo‘yicha javobgarlikka torilgani aniqlangan.
Fuqaroning xorijga chiqish pasportida Rossiya davlat chegarasidan o‘tish haqidagi muhrlar qalbakilashtirilgan belgilarga ega bo‘lgani uchun hujjat ekspertizaga yuborilgan. Bu esa hodisaning qonunchilik va xavfsizlik jihatlarini to‘liq tekshirishga imkoniyat berdi.
2025-yil 2 sentyabr kuni Saratov viloyati Ichki migratsiya bo‘limi M.A. uchun O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish maqsadida Bosh konsulxonaga so‘rovnoma taqdim etdi. So‘rov Konsulxona tomonidan tezkor ravishda ijobiy hal qilindi. Hozirda Saratov viloyati ichki migratsiya idorasi vakilining Qozon shahriga xizmat safari amalga oshirilishi kutilayotir.
Qozon shahridagi Bosh konsulxona ushbu masalani o‘z nazoratiga olgan va barcha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishda faollikni davom ettirmoqda. Bu jarayon fuqaro huquqlarini himoya qilish, konsullik yordamini samarali ta’minlash va xalqaro qonunchilikka rioya qilish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!