Bolgariyada 2020-yilda Livan poytaxti Bayrut portida ro‘y bergan dahshatli portlash bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida muhim figurant sifatida ko‘rsatilgan rossiyalik kema egasi Igor Grechushkin qo‘lga olindi. Bu haqda AP agentligi Livan adliya tizimidagi to‘rt manbaga tayanib xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hibsga olishga sabab — Livan tergov sudyasi tomonidan Grechushkin va kema kapitani Boris Prokoshevga nisbatan chiqarilgan ikki xil xalqaro order bo‘lgan. Interpol qidiruvi boshlanganiga qariyb besh yil to‘lganidan keyingina ulardan biri qo‘lga tushdi.
Hozirgi paytda Livan adliya organlari Grechushkinni Beyrutga topshirish bo‘yicha rasmiy so‘rovnomani tayyorlamoqda. Agar ekstraditsiya amalga oshmasa, tergovchilar uni so‘roq qilish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Bolgariyaga yo‘l olishlari mumkinligi ham aytilmoqda.
AP agentligining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Kipr fuqaroligiga ega bo‘lgan Grechushkin o‘tgan hafta Kiprdan Bolgariya poytaxti Sofiyaga kelganida aeroportda hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Bayrut portida saqlanib turgan ammiakli selitra ulkan portlashga sababchi bo‘lgan va minglab odamlar jabr ko‘rgan edi. Mazkur fojia hanuzgacha Livan tarixidagi eng qo‘rqinchli sanoat halokatlardan biri sifatida esga olinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!