Qirg‘iziston poytaxti Bishkek tuman sudi mustaqil axborot maydonidagi eng bahsli jarayonlardan biri bo‘lgan ish bo‘yicha qaror chiqardi. Sud 17 sentyabr, chorshanba kuni «Kloop» internet-nashrining sobiq operatorlari Aleksandr Aleksandrov va Joomart Duulatovni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Shu bilan birga, ismlari oshkor etilmagan yana ikki buxgalterga uch yillik shartli qamoq jazosi tayinlandi. Ularning barchasi ommaviy tartibsizliklarni qo‘zg‘atishda aybdor deb topildi.
Ayblov xulosasida qayd etilishicha, sudlanuvchilar Temirov Live YouTube kanali asoschisi, tanqidiy va surishtiruv jurnalistikasi bilan shug‘ullanuvchi Bolot Temirov bilan hamkorlikda tayyorlangan materiallarni tarqatish va joylashtirishda ishtirok etgan. Ayblov tomoni ularni “yolg‘on ma’lumot tarqatish, mamlakat rahbariyatini asossiz tanqid qilish va ommaviy tartibsizliklarga undash hamda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga chaqirish”da aybladi.
Biroq «Kloop» o‘zining rasmiy Telegram-kanalida bu da’volarni keskin rad etdi. Nashr ma’lumot berishicha, muhokama ostidagi videolar sayt orqali chop etilmagan va unda na operatorlar, na buxgalterlar ishtirok etmagan. Sud jarayonidagi davlat ekspertlaridan biri Taalaybek Abdiqo‘zoyev ham videolarning asl mualliflarini aniqlashning imkoni yo‘qligini tasdiqladi.
Bu hukm mahalliy jurnalistika va so‘z erkinligi masalalarida katta bahslarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik orasida mazkur qaror tanqidiy baholanmoqda, chunki ayblanuvchilarning ayrimlari umuman jarayon bilan bog‘liq emasligi ta’kidlanmoqda. Ayni paytda ishga oid tortishuvlar va uning oqibatlari jamiyatda qator savollarni uyg‘otib, ommaviy muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!