AQSH prezidenti Donald Tramp 18-sentyabr kuni qilgan chiqishida Ukrainadagi mojaroni yechish masalasi uning o‘ylaganidan ko‘ra murakkab kechayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan shaxsiy munosabatlari sabab urushni osonroq hal qilish mumkin, deb hisoblagan, biroq voqelik umidlarini oqlamagan. Bu haqda Sky News manbasi ma’lum qildi.
«Men Putin bilan munosabatlarim tufayli Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘qnashuvni tezroq to‘xtatish mumkin, deb o‘ylagandim. Ammo u meni cho‘chitdi, haqiqatan ham cho‘chitdi», — dedi Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
Shu bilan birga, Amerika rahbari Rossiyaning Ukrainaga nisbatan ko‘proq yo‘qotishlarga uchrayotganini ham qayd etdi. «Putin ko‘plab odamlarni o‘ldirmoqda. Ammo o‘ldirishdan ham ko‘proq askarlarini yo‘qotyapti. Rossiya armiyasi Ukrainaga qaraganda kattaroq yo‘qotishlarga duch kelmoqda», — deya ta’kidladi u.
Trampning fikricha, agar AQSH prezidenti sifatida Bayden emas, o‘zi faoliyat yuritganida, Ukrainadagi keng ko‘lamli urush hech qachon boshlanmas edi. U bu nuqtayi nazarini yana bir bor takrorlab, Oq uyda ko‘p marotaba aytib kelganini eslatdi.
«Bu urushda millionlab odamlar halok bo‘lmoqda. Ular amerikalik askarlar emas, lekin qurbonlar soni Ikkinchi jahon urushidagi tezlik bilan o‘smoqda. Shu sababli men bu muammoni hal qilishga majburman, deb hisoblayman», — dedi AQSH prezidenti.
Sky News qayd etganidek, Tramp yana bir bor Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyga Oval kabinetda aytgan so‘zini takrorladi: agar mojaro davom etsa, u butunlay Uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!