18-sentyabr, payshanba kuni G‘azo sektoriga gumanitar yordam yuklagan yuk mashinasi haydovchisi bilan bog‘liq qonli voqea ro‘y berdi. Isroilning Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Iordaniya fuqarosi haydovchi “Allenbi” o‘tkazish punktida ikki isroillikni otib o‘ldirgan.
Isroil harbiylari ma’lum qilishicha, hujumchi qurollangan holda postdan o‘tishga uringan va xavfsizlik kuchlari tomonidan tezda “zararsizlantirilgan”. Isroilning "Magen David Adom" tez yordam xizmati xabariga ko‘ra, hujumchi qo‘lida pistolet va pichoq bilan qurollangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, qurbonlardan biri taxminan 20 yoshlar atrofida, ikkinchisi esa 60 yoshdan oshgan erkak bo‘lgan. Ularga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ammo og‘ir jarohatlari sababli hayotdan ko‘z yumishgan.
Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi hodisaga munosabat bildirib, uni “jinoyat” sifatida baholadi va bu voqea G‘azo sektoriga yetkazilayotgan gumanitar yordam jarayonlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazirlik xalqaro hamjamiyatni ushbu voqeani keskin qoralashga chaqirdi. Iordaniyalik rasmiylar bunday hujumlar nafaqat insonlarning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lishini, balki insonparvarlik yuklarini yetkazishda ham jiddiy to‘siqlar yaratishini qayd etdi.
Isroil tomoni esa hodisadan keyin xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirib, “Allenbi” punktida tekshiruvlar keskinlashtirilganini bildirdi. Harbiylar bu kabi hodisalar tezkorlik bilan bostirilishi va chegara xavfsizligi ta’minlanishini ta’kidlashdi.
Ayni paytda, Falastin-Isroil mintaqasidagi ziddiyatlar tobora keskinlashib borayotgani sir emas. Bir tomondan, G‘azo sektoridagi aholi uchun insonparvarlik yuklari o‘ta zarur bo‘lib turgan bir vaqtda, ikkinchi tomondan, xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar yuk tashish jarayonlarini murakkablashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Allenbi” o‘tkazish punkti — G‘azo sektori va Iordaniya o‘rtasidagi asosiy gumanitar yo‘laklardan biri hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!