So‘nggi bir yil ichida Germaniya iqtisodiyoti jiddiy turdagi yo‘qotishlarga duch keldi. Raqamli ma’lumotlarning noqonuniy yo‘l bilan o‘g‘irlanishi, sanoat sohasidagi josuslik harakatlari va turli buzg‘unchiliklar orqali mamlakat iqtisodiyotiga 289,2 milliard yevro zarar yetkazilgani ma’lum qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb 8 foiz yuqori hisoblanadi.
Bitkom raqamli uyushmasi tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, ushbu buzg‘unchiliklarning izlari ko‘p hollarda Rossiya yoki Xitoy manbalariga borib taqalgan. Tadqiqot jarayonida mingdan ortiq yirik va o‘rta korxonalar so‘roq qilingan. Ulardan 87 foizi so‘nggi yilda kiberhujum yoki raqamli yo‘qotishlarga duch kelganini bildirgan. Solishtirish uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 81 foizni tashkil qilgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, 46 foiz korxonalar kamida bir marta Rossiya bilan bog‘liq kiberxavfga uchragan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga ko‘p degani. Shu darajada, Xitoy bilan bog‘liq josuslik va ma’lumot o‘g‘irlash holatlari ham 46 foiz kompaniya tomonidan qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda esa Sharqiy Yevropa davlatlari, AQSH, hatto Germaniyaning o‘zidan kelgan xatarlar ham tilga olingan.
Korxonalarning 28 foizi ushbu hujumlar ortida chet el maxsus xizmatlari turishi mumkin, degan fikrni bildirgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilda 20 foizni, 2023-yilda esa atigi 7 foizni tashkil etgan edi. Ya’ni, kompaniyalar orasida chet el davlatlari bilan bog‘liq xavf-xatarga ishonch yildan yilga oshib bormoqda.
Bitkom hisobotiga ko‘ra, barcha yo‘qotishlar va raqamli zararlarning katta qismi uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq. Bu esa masala qanchalik jiddiy va tizimli tarzda amalga oshirilayotganini anglatadi.
Germaniya Konstitutsiyasini muhofaza qilish federal idorasi rahbarining o‘rinbosari Zinan Zelen ham tadqiqot natijalarini izohlab, mamlakat uzoq yillar davomida Rossiya bilan bog‘liq kiberhujumlar uchun asosiy nishonga aylanib kelayotganini ta’kidlagan.
Bu holat Germaniyaning raqamli xavfsizlik tizimini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatib turibdi. Mutaxassislar fikricha, kompaniyalar nafaqat ichki tizimlarini, balki tashqi aloqalarini ham himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishi shart. Chunki raqamli dunyodagi har qanday zaiflik katta iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!