date

Tramp ma’muriyati Isroilga 6 milliard dollarlik qurol sotmoqchi

Tramp ma’muriyati Isroilga 6 milliard dollarlik qurol sotmoqchi

The Wall Street Journal nashri xabar berishicha, Donald Tramp ma’muriyati Isroilga qariyb 6 milliard dollarlik yirik qurol-yarog‘ kelishuvini amalga oshirish uchun AQSH Kongressidan ruxsat so‘ragan. Bu kelishuv oxirgi yillardagi eng yirik harbiy savdolardan biri sifatida baholanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, paket tarkibiga qiymati 3,8 milliard dollarga teng 30 dona AH-64 Apache jangovar vertolyotlari va taxminan 1,9 milliard dollarlik 3250 ta piyoda jangovar mashinasi kiradi. Biroq manbalarning ta’kidlashicha, ushbu jihozlarning barchasi Isroilga darhol yetkazib berilmaydi, balki ikki-uch yil davomida bosqichma-bosqich topshiriladi.

Nashr ko‘rib chiqqan hujjatlarda qayd etilishicha, qurol-yarog‘ sotib olish AQSHning xorijiy davlatlarga ajratiladigan harbiy yordam fondlari hisobidan moliyalashtiriladi. Isroil esa o‘z navbatida AQSH qurollarining katta qismini ana shu yordam orqali, ya’ni Amerika soliq to‘lovchilari mablag‘lari hisobiga xarid qiladi.

Hozirda AQSH Davlat departamenti mazkur bitimni ma’qullash uchun Vakillar palatasi va Senatning tashqi aloqalar qo‘mitalaridan to‘rtta yetakchi — ikki respublikachi va ikki demokrat arbobning roziligini talab qilmoqda. Oddiy tartibga ko‘ra, yirik harbiy bitimlar avval qo‘mita rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi, shundan so‘ng ma’muriyat Kongress va jamoatchilikka rasmiy ravishda ma’lum qiladi.

Manbalarning ma’lum qilishicha, bu taklif qo‘mitalarga taxminan bir oy oldin, 9 sentyabr kuni Isroilning Qatardagi HAMAS yetakchilariga qarshi havo zarbasidan oldin taqdim etilgan. Voqealar rivojidan keyin esa yana qo‘shimcha so‘rov yuborilgan.

Ayni paytda Davlat departamenti ham, Isroil Mudofaa vazirligi ham ushbu masala yuzasidan OAVga izoh berishdan tiyilgan. Oq uy ham jurnalistlarning rasmiy savollariga javob qaytarmagan.

Shu bilan birga, tahlilchilar fikricha, bu kelishuv Vashingtonning Isroilga harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlash siyosati yanada mustahkamlanayotganidan dalolatdir. Biroq, AQSH ichida bu savdo soliq to‘lovchilar mablag‘laridan foydalanish masalasida bahs va tanqidlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp ma’muriyati Isroilga 6 milliard dollarlik qurol sotmoqchi