Portugaliya hukumati ertaga, 21-sentyabr kuni, Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qiladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lumot berdi. Rasmiy qaror dushanba kuni ochiq tarzda bayon qilinishi kutilmoqda.
Portugaliya TIV rahbari Paulu Ranjel shu haftada Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida o‘z mamlakatida mazkur masala kun tartibida turganini, hukumat bu qarorni jiddiy ko‘rib chiqayotganini ta’kidlagandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qadam BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi boshlanishidan oldin amalga oshiriladi. Mutaxassislar buni xalqaro siyosatda muhim voqea sifatida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Fransiya ham Yevropaning to‘qqizta davlati bilan birgalikda BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi yig‘ilishida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgandi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari tomonidan Falastin davlatining tan olinishi Yaqin Sharqda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaraladi.
Shu bilan birga, Yevropa davlatlari orasida Falastinni tan olish jarayoni tobora kengayib borayotgani xalqaro diplomatiyada yangi bosqichga qadam qo‘yilayotganidan dalolat bermoqda. Portugaliyaning bu qaroridan keyin mintaqadagi geosiyosiy jarayonlarda ham muhim o‘zgarishlar kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!