Falastin tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Umar Avadallaning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida davom etayotgan qurbonlar va Isroilning G‘arbiy qirg‘oq hamda Quddusdagi harakatlari xalqaro hamjamiyatning pozitsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning fikricha, Falastin davlatchiligini tan olish jarayoni so‘nggi oylarda sezilarli darajada tezlashdi va bu yillar davomida olib borilgan diplomatik sa’y-harakatlarning mantiqiy natijasi hisoblanadi.
Avadalla ta’kidlaganidek, bu jarayon faqat siyosiy yo‘l bilan amalga oshirilgan muvaffaqiyat emas, balki Falastin xalqining huquqlari poymol qilinishi va ularga qarshi olib borilayotgan qirg‘inlar fonida yuzaga kelgan voqelikdir. Uning fikricha, xalqaro e’tiroflar «ikki davlat yechimini amalga oshirish yo‘lidagi eng muhim amaliy qadam» sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari «Falastin davlatisiz yangicha Yaqin Sharq yaratish g‘oyasi hech qachon amalga oshmaydigan sarobga aylanganini» qayd etdi.
So‘nggi haftalarda Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya Falastin davlatini rasman tan olganini e’lon qildi. Yaqin kunlarda Fransiya ham shunday qaror qabul qilishi kutilyapti. Bugungi kunga kelib, BMTga a’zo 193 davlatdan 147 tasi Falastinni allaqachon suveren davlat sifatida e’tirof etgan.
Shu tariqa, xalqaro miqyosdagi tendensiyalar Falastin davlatchiligini tan olish jarayonining yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu jarayon keyingi geosiyosiy voqealarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!