Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishni xohlashini ma’lum qildi. Bu haqda u “Rossiya 1” telekanaliga bergan intervyusida ta’kidladi.
“Men u bilan suhbat qurishni istayman, chunki unga aytadigan gaplarim ko‘p. Maslahatlashuv jarayonini boshlash vaqti yetdi. Chunki Rossiya armiyasi frontning deyarli barcha yirik aholi punktlarini nazorat ostiga oldi, ularning harakatini to‘xtatish esa juda mushkul bo‘ladi”, — dedi Lukashenko.
Belarus yetakchisiga ko‘ra, Zelenskiy mavjud vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa, Ukraina umuman o‘z davlatchiligini yo‘qotishi xavfi bor. “Mojaroni hal etish uchun yaxshi takliflar bor, ular haqida hatto AQSH prezidenti Donald Tramp ham xabardor”, — deya qo‘shimcha qildi Lukashenko.
Ma’lumki, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng, Kiyev va Minsk munosabatlari keskin sovib ketgandi. Ukraina rasmiylari qo‘shni davlatni Moskvaga agressiya uchun sharoit yaratib berishda ayblab kelmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!