Braziliya terma jamoasi yetakchilaridan biri va “Real Madrid” klubi yulduzi Vinisius Junior suddagi navbatdagi bahsda o‘z haq-huquqini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, La-Korunyalik biznesmen 2018-yili futbolchining nomi ko‘rsatilgan brendni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazgan. Biroq Vinisius Junior undan bir yil avval — 2017-yildayoq “Vinicius Jr” savdo markasini rasmiylashtirib qo‘ygandi. Shu bois, futbolchi o‘z huquqini himoya qilish uchun sudga murojaat etdi.
Sport.es sayti yozganidek, ayblanayotgan tadbirkor o‘zini oqlash jarayonida “o‘sha vaqtlarda Vinisius keng jamoatchilikka unchalik tanilmagan va bu nom futbolchiga aloqador emas edi”, degan iddao bilan chiqish qildi.
Ammo sud organlari biznesmenning bu da’vosini asossiz deb topdi. Qizig‘i shundaki, u 2023-yilda ham futbolchi bilan sudlashishga uringan, o‘shanda esa brendini Rim imperiyasi tarixi va shaxsiy oilaviy merosi bilan bog‘lab ko‘rsatgandi. Biroq o‘sha vaqtda ham sud uning sabablarini qabul qilmagan.
Oxir-oqibat, La-Korunya va Provinsial sudlari Vinisius Junior tomonidan berilgan da’voni qondirishga qaror chiqardi. Shu bilan biznesmenning brendni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishi bekor qilindi va unga sud xarajatlarini to‘lash majburiyati yuklandi.
Shu tariqa, Vinisius Junior nafaqat maydonda, balki huquqiy maydonchada ham muhim g‘alabaga erishdi. Uning nomi va brendi endi rasmiy ravishda futbolchining shaxsiy huquqi sifatida mustahkamlandi.
Bu qaror sportchi uchun katta ahamiyatga ega, chunki zamonaviy futbolda maydondagi natijalar bilan bir qatorda shaxsiy brend ham juda katta qimmatga ega. Vinisiusning so‘nggi yillardagi omadli o‘yinlari va dunyo miqyosidagi tanilishi uning brendini yanada qimmatli qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!