date

AQSH hukumati shatdaun ostonasida, Senat kelisha olmadi

AQSH hukumati shatdaun ostonasida, Senat kelisha olmadi

AQSHda federal hukumatning vaqtincha moliyalashtirish masalasi bo‘yicha siyosiy tortishuv yanada kuchaydi. Oq uyning Boshqaruv va byudjet boshqarmasi (Office of Management and Budget — OMB) federal idoralarga hukumat ishi to‘xtashi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qildi. Bu haqda 30 sentyabr kuni OMB direktori Rassel Vout ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan bayonotida ma’lum qildi.
Shatdaun uchun tayyorgarlik
Voutning ta’kidlashicha, hukumat agentliklari endilikda o‘zlarining «tartibli shatdaun rejalari»ni ishga tushirishlari lozim. U federal idoralarni vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatishga chaqirdi va OMB keyingi qadamlar bo‘yicha doimiy ravishda yo‘l-yo‘riq berib borishini bildirdi.
«Demokratlar o‘zlarining qattiq va muvozanatsiz pozitsiyalarini qancha vaqt saqlab qolishi noma’lum. Shu bois shatdaun qancha muddatga cho‘zilishini oldindan bashorat qilish juda qiyin», — deb yozdi OMB rahbari.
Senatdagi to‘siqlar
Ma’lumki, AQSH Senati hukumat ishini uzoq muddatga ta’minlab turishi mumkin bo‘lgan ikki qonun loyihasidan birortasini ham ma’qullay olmadi. Bu hujjatlarning har biri kamida 60 ovoz to‘plashi zarur edi. Biroq respublikachilar taklif etgan qonun loyihasi, garchi AQSH Vakillar palatasida ma’qullangan bo‘lsa-da, Senatda yetarli qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lmadi.
Demokratlar ham o‘z takliflarini ilgari surishdi, ammo ular ham kerakli miqdordagi ovozlarni yig‘ishda muvaffaqiyat qozona olmadi.
Kelishmovchiliklarning asosiy sababi
Mutaxassislarning fikricha, tortishuvning markazida sog‘liqni saqlash xarajatlari bilan bog‘liq masalalar turibdi. Har ikki partiya o‘z pozitsiyalarida qattiq turib olgani sababli, hozircha kelishuvga yetishning imkoniyati yo‘qdek ko‘rinmoqda.
Shatdaun vaqti
Ma’lumotlarga ko‘ra, hukumatning vaqtincha ishini to‘xtatish — ya’ni shatdaun 30-sentyabrdan 1-oktyabrga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan yarim tunda (Toshkent vaqti bilan chorshanba kuni soat 9:00 da) boshlanishi mumkin. Bu esa federal idoralarda xizmat ko‘rsatish jarayonini to‘liq yoki qisman to‘xtatib qo‘yishi ehtimolini oshiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH hukumati shatdaun ostonasida, Senat kelisha olmadi