AQSH Davlat kotibi Marko Rubio mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Jey Di Vensni kelgusi prezidentlik saylovlarida eng kuchli nomzod sifatida tilga oldi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan suhbatida ma’lum qildi.
“Menimcha, agar u nomzodlikka qaror qilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti Jey Di Vens Respublika partiyasidan keyingi prezidentlikka asosiy da’vogar bo‘ladi”, — dedi Rubio. U, shuningdek, Vensni o‘zining yaqin do‘sti sifatida ta’riflab, uning faoliyatini yuqori baholadi.
Rubioning ta’kidlashicha, Vens hozirgi prezident jamoasida faol ish olib borib, Donald Trampning siyosiy dasturini amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
So‘nggi oylarda Jey Di Vensning siyosiy kelajagi AQSHda faol muhokama qilinmoqda. Tramp o‘tgan avgust oyida uni MAGA (“Make America Great Again”) harakatining “eng ehtimoliy vorisi” deb atagan. Reuters va Newsweek manbalariga ko‘ra, Vens va Rubio Trampdan keyin Respublika partiyasidagi asosiy nomzodlar sifatida ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Vens avvalroq agar Trampga nimadir bo‘lsa, prezidentlik lavozimini qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan. Siyosiy kuzatuvchilar fikricha, uning vitse-prezidentlik tajribasi saylovchilar oldidagi obro‘sini yanada mustahkamlaydi.
Marko Rubio esa hozircha o‘zini prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rmayotganini aytar ekan, Vensni “kuchli va istiqbolli siyosatchi” sifatida ta’kidladi. Shu tariqa, Respublika partiyasi ichida 2028 yilgi saylovlar bo‘yicha dastlabki kurash allaqachon boshlangani kuzatilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!