Hindistonning Jaypur shahrida joylashgan Sawai Man Singh (SMS) shifoxonasida 5-oktyabr kuni kechqurun yong‘in yuz berdi. The Hindustan Times ma’lumotiga ko‘ra, fojea natijasida 9 kishi halok bo‘lgan, yana bir necha bemor og‘ir ahvolda shifoxonaga joylashtirilgan.
Yong‘in soat 23:20 da shifoxonaning neyroreanimatsiya bo‘limida kelib chiqqan. U qog‘oz hujjatlar, tibbiy asbob-uskunalar va qon namunalari saqlanadigan xonadan boshlangan. Rasmiylar taxmin qilishicha, sabab elektr simlaridagi qisqa tutashuv bo‘lgan.
Hodisa paytida bo‘limda 11 bemor bo‘lgan, qo‘shni palatalarda esa yana 13 kishi bor edi. O‘t o‘chiruvchilar yetganda butun bo‘limni qattiq tutun qoplagan, bu esa evakuatsiyani qiyinlashtirgan. “Biz binoga qarama-qarshi tomondan derazalarni sindirib, suv purkashga majbur bo‘ldik”, — dedi qutqaruvchi xizmat xodimi.
Olovni o‘chirish qariyb bir yarim soat davom etgan. Bemorlar yotoqlari bilan birga evakuatsiya qilingan va vaqtincha shifoxona tashqarisiga chiqarilgan.
Hindistonda bu kabi hodisalar so‘nggi yillarda ko‘paymoqda. Yanvar oyida ham mamlakatdagi turar joy binolaridan birida yong‘in chiqib, 17 kishi halok bo‘lgan edi. Hukumat qurbonlar oilalariga moddiy yordam ko‘rsatgan.
Mutaxassislar fikricha, bu fojealar Hindistondagi ko‘plab shifoxonalarda xavfsizlik tizimlari yetarli darajada ta’minlanmaganini ko‘rsatmoqda. Ular elektr tarmoqlarini yangilash va yong‘inga qarshi tizimni kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!