Turkiyaning Ushoq viloyatida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan bir necha Eron fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakatning narkotiklarga qarshi kurash bo‘limi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya vaqtida gumonlanuvchilarning yonidan 1,5 kilogrammdan ortiq metamfetamin musodara qilingan. Moddaning bir qismi ularning yashash joyidan topilgan, qolgan qismini esa jinoyatchilar qornida olib o‘tishga urinishgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir Erondan Turkiyaga giyohvand moddalar olib kirish bilan bog‘liq razvedka ma’lumotlariga asoslangan. Kuzatuv jarayonida 3 nafar gumonlanuvchi Erondan Izmirdagi Adnan Menderes aeroportiga yetib kelgani va keyin taksi orqali Ushoq viloyatiga yo‘l olgani aniqlangan.
Qo‘lga olinganlar tibbiy ko‘rik uchun shifoxonaga olib ketilgan. Rentgen tekshiruvi natijasida ularning oshqozonida metamfetamin kapsulalari borligi fosh etilgan. Sud Eron fuqarolarini hibsda saqlashga qaror chiqargan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!