date

Isroil qo‘shinlari G‘azodan chekina boshladi, tinchlik umidi kuchaydi

Isroil qo‘shinlari G‘azodan chekina boshladi, tinchlik umidi kuchaydi

Isroil mudofaa armiyasi juma kuni tushdan so‘ng “yangilangan joylashuv chiziqlari bo‘yicha pozitsiyalarni egallash”ni boshlaganini ma’lum qildi. Bu xabar Hamas va Isroil o‘rtasidagi kelishuv asosida otishmalarni to‘xtatish rejimi amalga kirganini anglatadi.

Payshanba kuni Isroil hukumati AQSH prezidenti Donald Tramp vositachiligida ishlab chiqilgan yangi tinchlik rejasini ma’qullagan edi. Hujjatga muvofiq, Isroil armiyasi belgilangan pozitsiyalarga joylashgach, Hamas tomonida garovda bo‘lgan isroilliklarni qaytarish uchun 72 soat vaqt beriladi.

“Janubiy qo‘mondonlik harbiylari o‘z pozitsiyalarida turibdi va har qanday bevosita tahdidga nisbatan javob choralarini ko‘rishda davom etadi”, — deyiladi Isroil mudofaa armiyasi bayonotida.

Hozircha Isroil qo‘shinlari aniq qaysi hududlardan chekinayotgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Ammo AFP agentligi manbalariga ko‘ra, harbiy texnika Xon Yunusning ayrim tumanlari va G‘azo shahrining shimoli-g‘arbiy chekkalaridan olib chiqilgan.

Bu xabardan so‘ng butun G‘azo bo‘ylab aholi o‘z hududlariga qaytish signali berilganini kutmoqda. Isroil matbuoti ma’lum qilishicha, kechadan beri Al-Rashid yo‘lida kutib turgan yuzlab falastinliklar shimolga qarab harakatlana boshlagan.

Shu bilan birga, Isroil harbiylari aholidan faqat ruxsat etilgan yo‘nalishlar bo‘ylab yurishni so‘rab, hozircha Isroil qo‘shinlari joylashgan hududlarga yaqinlashmaslik kerakligini ogohlantirmoqda.

Ayni paytda Isroil armiyasi hali ham G‘azo hududining taxminan yarmidan ko‘prog‘ini — ya’ni 53 foizini nazorat qilishda davom etmoqda. Bu hududning asosiy qismi shaharlardan tashqaridagi bufer zonalardan iborat bo‘lib, ular Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagi, Bayt-Xanun va Bayt-Lahiya tumanlari hamda G‘azo shahrining sharqiy qismlarini o‘z ichiga oladi.

“Kelishuvga ko‘ra, SAHAL qo‘shinlari ma’lum hududlarda qoladi. Keyingi ogohlantirish berilmaguncha bu joylarga yaqinlashmang — bu hayotingiz uchun xavfli bo‘lishi mumkin”, — deyiladi Isroil armiyasining arab tilidagi rasmiy murojaatida.

Isroil armiyasi vakili polkovnik Avichay Adrai ham shunday bayonot bilan chiqib, “bufer zonaga yaqinlashish juda xavfli ekanini” qayd etdi.

Shu bilan birga, juma kuni ertalabdan Isroil va G‘azo chegarasi ustida tutun halqalari ko‘rinib turgani xabar qilindi. Xon Yunus atrofida artilleriya otishmalari kuzatilgani va Netsarim koridori hududida o‘q tovushlari eshitilgani ma’lum qilingan.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik bu kelishuvni mojaroning vaqtinchalik bo‘lsa ham to‘xtashi, odamlar uylariga qaytish imkoniga ega bo‘lishi sifatida qabul qilmoqda. G‘azo aholisi hozir umid bilan haqiqiy tinchlik bashoratini kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil qo‘shinlari G‘azodan chekina boshladi, tinchlik umidi kuchaydi