date

Melania Tramp: Putin bilan hamkorlik samara bera boshladi

Melania Tramp: Putin bilan hamkorlik samara bera boshladi

AQSh birinchi xonimi Melania Tramp so‘nggi bir kun ichida yetti nafar ukrainalik bola va bir rossiyalik qiz oilasiga qaytarilganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘z videomurojaatida gapirdi. Videolavha Oq uyning rasmiy YouTube kanalida chop etildi.

Melania Trampning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni bilan muloqot kanali avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvidan keyin yo‘lga qo‘yilgan. O‘shanda u Vladimir Putinga shaxsan maktub yo‘llab, urush tufayli ajralib qolgan bolalar taqdiri haqida yozgan edi. Maktubda Melania urushni to‘xtatish — bu nafaqat Ukraina, balki Rossiya bolalari farovonligi uchun ham muhim ekanini ta’kidlagan.

«U menga yozma ravishda javob berdi va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishga tayyorligini bildirdi. Shu orqali biz Rossiyadagi ukrainalik bolalar haqida ma’lumot almashishni boshladik», — dedi AQSh birinchi xonimi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqt ichida ikki davlat o‘rtasida “ochiq muloqot yo‘li” yaratilgan.

Oxirgi uch oyda Melanianing jamoasi Rossiya vakillari bilan bir necha marta uchrashib, bolalarni qayta birlashtirish masalasini muhokama qilgan. Rossiya tomoni bu jarayonda ishtirok etgan bolalarning ma’lumotlari, suratlari, shuningdek, ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, tibbiy va psixologik yordamlar ro‘yxatini taqdim etgan.

Trampning aytishicha, Rossiya bu jarayonda ochiqlik namoyon etgan va taqdim etilgan ma’lumotlar AQSh hukumatining tegishli idoralari tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, Ukraina parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va prezidentning bolalar masalalari bo‘yicha vakili ham tekshiruvda ishtirok etgan.

Melania Trampning ma’lum qilishicha, Rossiya 18 yoshga to‘lmagan, ammo hali ham Rossiya hududida bo‘lgan ukrainalik o‘smirlarni vataniga qaytarishga rozilik bildirgan.

«Biz yaqin haftalarda bolalarning yana bir guruhini oilalari bilan birlashtirishni rejalashtirmoqdamiz. Tinchlik imkon qadar tezroq kelishiga ishonaman», — dedi AQShning birinchi xonimi.

Bu bayonot jahon ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg‘otdi — tahlilchilar Melania Tramp va Putin muloqoti xalqaro inqiroz fonida yangi diplomatik sahifa ochishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Melania Tramp: Putin bilan hamkorlik samara bera boshladi