Shimoliy Koreyada Koreya Mehnat partiyasining 80 yilligiga munosabat bilan katta harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda ilk bor yangi qit’alararo ballistik raketa — “Hwasong-20” jamoatchilikka namoyish etildi, deb xabar berdi Koreya Markaziy axborot agentligi (KCNA).
Bu Shimoliy Koreya harbiy salohiyatidagi yangi bosqich sifatida baholanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oyida mamlakat yetakchisi Kim Chen In “maxfiy qurol” yaratilganini e’lon qilgandi. Uning so‘zlaridan keyin Janubiy Koreya mutaxassislari bu qurol aynan “Hwasong-20” yoki uning yangi modifikatsiyasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan.
Paradda “Hwasong-20” gipertovushli o‘rta masofali raketalardan keyin namoyish etildi. KCNA ma’lumotiga ko‘ra, ushbu raketa yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u bir nechta jangovar kallaklarni olib yurish qobiliyatiga ega.
Shu bilan birga, parad davomida yangi avlod hujum qurollari tizimlari, gipertovushli raketalar va yadro suv osti kemalari modellarini ham ko‘rsatildi. Bu Kim Chen In rejimi mamlakat mudofaa sohasidagi ilg‘or imkoniyatlarini namoyon qilish uchun muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, “Hwasong-20”ning omma oldida namoyish etilishi Shimoliy Koreyaning xalqaro bosimga qaramay o‘z harbiy dasturini kengaytirish niyatini anglatadi. Ularga ko‘ra, bu qadam Vashington va Seul uchun jiddiy siyosiy signal bo‘lishi mumkin.
Shimoliy Koreya tomoni bu qurollar mamlakat mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallanganini ta’kidlamoqda. Ammo xalqaro hamjamiyat bu kabi namoyishlar mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda.
Shunday qilib, Pxenyan harbiy kuchini namoyish etish orqali o‘z mavqeini yana bir bor namoyon qildi — bu esa mintaqadagi muvozanatga ta’sir etmasdan qolmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!