AQSH prezidenti Donald Tramp Ispaniyaning mudofaa xarajatlarini oshirishdan bosh tortgani uchun Madridga iqtisodiy bosim o‘tkazish niyatida ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya NATO davlatlari orasida yalpi ichki mahsulotning 5 foizini mudofaa ehtiyojlariga sarflamayotgan yagona a’zo hisoblanadi.
“Men Ispaniyadan juda noroziman. Ular NATOda mudofaa xarajatlarini 5 foizga yetkazmagan yagona davlat. Shu sababli Ispaniya mahsulotlariga import tariflari joriy etishni ko‘rib chiqmoqdaman”, — dedi Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda.
Unga ko‘ra, Madridning bu masalada sustqadamligi Yevropa xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Avvalroq Tramp Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashuvda ham Ispaniyaning mudofaa xarajatlari bo‘yicha boshqa NATO a’zolaridan ancha ortda qolayotganini ta’kidlagan edi.
“Bizda bitta orqada qolgan mamlakat bor — bu Ispaniya. Biz ular bilan aloqa qilib, nima uchun majburiyatlarini bajara olmayotganini aniqlashimiz kerak. Ularda hech qanday sabab yo‘q. Balki, ochig‘ini aytganda, ularni NATOdan chiqarish vaqti yetkandir”, — dedi Tramp.
Ispaniya hukumati esa o‘z navbatida, mudofaa xarajatlarini belgilangan ko‘rsatkichga yetkazmagan bo‘lsa-da, qurolli kuchlarning jangovor tayyorgarligini oshirish va NATO bilan kelishilgan tashabbuslarni to‘liq bajarayotganini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!