date

Trampning kuyovi G‘azo tinchligi ortidan milliardlab foyda ko‘rmoqdami?

Trampning kuyovi G‘azo tinchligi ortidan milliardlab foyda ko‘rmoqdami?

Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashri Jared Kushner — AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi va yaqin maslahatchisi haqida yangi sensatsion ma’lumotlarni e’lon qildi. Nashrning yozishicha, Kushner G‘azo sektorida urushni to‘xtatishda vositachilik qilgan, ammo uning ortida katta tijoriy manfaatlar yotishi ehtimoli bor, deb xabar berdi theguardian.com.

Ma’lumki, 10-oktyabr kuni ikki yil davom etgan va o‘n minglab falastinlik tinch aholining halokatiga sabab bo‘lgan G‘azo urushi yakunlandi. Tramp Isroil parlamentidagi chiqishida urushning to‘xtaganini e’lon qildi. Shu jarayonda rasman hech qanday lavozim egallamagan Jared Kushner Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff bilan birga muzokaralarni yuritib, kelishuvga erishishda muhim rol o‘ynadi.

Biroq “The Guardian” ma’lumotlariga ko‘ra, bu “tinchlikparvar missiya” ortida Kushnerning shaxsiy foyda olish rejasi bo‘lishi mumkin. Chunki u “Affinity Partners” nomli sarmoya fondini boshqaradi — bu jamg‘arma Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA kabi davlatlardan milliardlab dollar investitsiya qabul qilgan.

G‘azo urushi tugagach, anklavda qurilish va tiklanish ishlari boshlanishi kutilyapti. Shu jarayonda aynan “Affinity Partners” fondi asosiy investor sifatida katta foyda ko‘rishi mumkin.

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan sobiq diplomatlar ma’lum qilishicha, Kushner va milliarder Stiv Uitkoff G‘azoda keng ko‘lamli rekonstruksiya dasturini ilgari surmoqda. Loyiha doirasida yangi turarjoylar, mehmonxonalar va port qurilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro siyosat markazi vitse-prezidenti Mett Dass bu holatni “ochiq manfaatlar to‘qnashuvi” deb atadi. Uning fikricha, Tramp va uning atrofidagilar Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonini ham biznes imkoniyat sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.

«Bu faqat diplomatiya emas, balki katta biznes ham. Urushni to‘xtatish jarayoni ortida kimning foyda olishi masalasi ham bor», — deydi Dass.

Oq uy bu ayblovlarni rad etdi. Prezident ma’muriyati vakili Kerolayn Levitt Jared Kushnerni “dunyo bo‘ylab tinchlik uchun harakat qilayotgan inson” sifatida himoya qildi.

Ma’lumot uchun, Kushner 1981-yilda developer Charlz Kushner oilasida tug‘ilgan va 2009-yilda Donald Trampning qizi Ivankaga uylangan. Kushnerlar oilasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan ko‘p yillik yaqin munosabatlarga ega.

Tramp prezidentligi davrida Jared Kushner uning maslahatchisi sifatida Yaqin Sharq siyosatida muhim rol o‘ynagan.

Aytish joiz, G‘azo aholisini Misr va Iordaniyaga ko‘chirish, anklavni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish g‘oyasi ham aynan Jared Kushnerning tashabbusi ekani ta’kidlanmoqda.

Bugun esa shu “tinchlik rejasi” ortida milliardlab dollarlik manfaatlar turibdimi — degan savol butun dunyoda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning kuyovi G‘azo tinchligi ortidan milliardlab foyda ko‘rmoqdami?