date

Koreyalik ayol suvarakni o‘ldirmoqchi bo‘lib uyini yoqib yubordi

Koreyalik ayol suvarakni o‘ldirmoqchi bo‘lib uyini yoqib yubordi

Janubiy Koreyada aql bovar qilmas fojea sodir bo‘ldi — ayol suvarakni yoqib yo‘q qilmoqchi bo‘lib, o‘z uyiga o‘t qo‘ydi. Bu haqda BBC agentligi xabar tarqatdi.

Hodisa 20-oktyabr kuni Osan shahrida yuz bergan. Yosh ayolning so‘zlariga ko‘ra, u uyidagi suvarakni yonib turadigan purkagich vositasi bilan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan. Ilgari ham shunday usuldan foydalangani ma’lum bo‘lgan, ammo bu safar natija fojeali yakunlangan. Yong‘in juda tez tarqalib, butun xonadonni qamrab olgan.

Politsiya ma’lumoticha, ayolga nisbatan “bexosdan yong‘in chiqarish” va “ehtiyotsizlik orqali inson o‘limiga sabab bo‘lish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kutilmoqda.

Yong‘in vaqtida uning qo‘shnisi — 30 yoshlar atrofidagi xitoylik ayol 5-qavatdagi uyidan qochmoqchi bo‘lgan, ammo derazadan chiqishga urinayotganda yiqilib tushib halok bo‘lgan. Uning eri va ikki oylik chaqalog‘i ham uyda bo‘lgan. Er-xotin yong‘inni sezgach, chaqaloqni qo‘shniga uzatgan va qutqarib qolgan. Er odamlarning yordamida qo‘shni binoga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan, ammo ayolini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.

Mahalliy matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, zinapoyalarni qoplagan quyuq tutun tufayli ko‘pchilik qochishga ulgurmagan. Binoning birinchi qavatida do‘konlar joylashgan, yuqori qavatlarida esa 30 dan ortiq xonadon bo‘lgan. Yong‘in oqibatida sakkiz kishi turli darajadagi zaharlanish bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlarda suvaraklarga qarshi “olovli” usullar ommalashib ketgan. Bu usul ko‘pincha yopiq xonalarda xavfli portlash yoki yong‘in keltirib chiqarayotganini ekspertlar doim ogohlantirib kelishadi.

Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash holat 2018-yilda Avstraliyada ham qayd etilgan edi — u paytda erkak suvarakni purkagich bilan yoqishga uringanda, butun oshxona yonib ketgan.

Mutasaddilar fuqarolarni bu kabi xavfli “layfxaklar”dan ehtiyot bo‘lishga va nasadkalar yordamidagi oddiy, xavfsiz vositalardan foydalanishga chaqirmoqda. Chunki bir beparvolik nafaqat uy, balki inson hayotiga ham ziyon yetkazishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koreyalik ayol suvarakni o‘ldirmoqchi bo‘lib uyini yoqib yubordi