date

Braziliyada 27 marta plastika qildirgan bloger sirli tarzda vafot etdi

Braziliyada 27 marta plastika qildirgan bloger sirli tarzda vafot etdi

Braziliyada mashhur bloger va ijtimoiy tarmoq yulduzi Barbara Yankavskining kutilmagan o‘limi jamoatchilikni shokka soldi. U internetda “Boneca Desumana” (“Insonga o‘xshamagan qo‘g‘irchoq”) nomi bilan tanilgan va ekstremal tashqi ko‘rinishi bilan millionlab foydalanuvchilar e’tiborini tortgan edi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 31 yoshli bloger 2-noyabr kuni San Paulu shahrining Lapa tumanidagi uyida vafot etgan holda topilgan. Uning tanasida — ayniqsa yuz va yelka qismida — jarohat izlari kuzatilgan. O‘lim haqida politsiyaga xabar bergan shaxs — 51 yoshli davlat advokati bo‘lib, u Barbara bilan o‘sha kuni birga bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular birgalikda vaqt o‘tkazib, giyohvand moddalar iste’mol qilishgan. Yankavski uxlab qolgan va keyin uyg‘onmagan. Shoshilinch yordam chaqirilgan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga ulgurmagan.

Hozirda tergov ishlari “shubhali o‘lim” moddasi bo‘yicha olib borilmoqda. Sud-tibbiy ekspertiza va toksikologiya tahlillari blogerning nima sababdan vafot etganini aniqlaydi — bu zaharlanish, jismoniy shikast yoki ichki kasallik bo‘lishi mumkin. Advokat hozircha guvoh sifatida so‘roq qilingan, biroq tergov hali yakunlanmagan.

Politsiya ma’lum qilishicha, uyda yana bir ayol ham bo‘lgan va u tergovchilarga ko‘rsatma bergan. Uning fikricha, Barbara yiqilgan paytda ko‘zidan jarohat olgan bo‘lishi mumkin, ammo bu ko‘rsatma hozircha tasdiqlanmagan.

Barbara Yankavski Braziliyaning eng mashhur estetik blogerlaridan biri hisoblanadi. U so‘nggi yillarda jami 27 marta plastik operatsiya o‘tkazgan, bu jarayonlarga taxminan 55 ming dollar sarflagan. Uning asosiy maqsadi “insoniy ko‘rinishdan farqli ideal go‘zallik” yaratish bo‘lgan. Yankavskining Instagramda 55 ming, TikTokda esa yuz minglab kuzatuvchilari bo‘lgan. U ko‘plab reklama kampaniyalari va go‘zallik shou-loyihalarida ishtirok etgan.

Oxirgi haftalarda blogerning holati muxlislarda xavotir uyg‘otgandi — u plastik jarrohlikdan so‘ng ko‘zlari qizargan videolarni joylashtirgan va “chandiqlar deyarli sezilmaydi”, deb yozgan edi.

Barbaraning o‘limi nafaqat uning muxlislarini, balki tibbiyot jamoatchiligini ham o‘ylantirdi. Ekspertlar estetik jarrohliklarning ortiqcha targ‘ibi odamlar, ayniqsa yosh avlod ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat inson tanasiga nisbatan ideallashtirilgan bosim, psixologik noxushlik va xavfli go‘zallik standartlarini muhokama qilishga sabab bo‘ldi.

Tergov hozircha bir necha yo‘nalishda davom etmoqda — politsiya autopsiya natijalarini, telefon yozishmalarini va shubhali shaxslarning ko‘rsatmalarini tahlil qilmoqda. Rasmiylar natijalarni yaqin kunlarda e’lon qilishini ma’lum qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Braziliyada 27 marta plastika qildirgan bloger sirli tarzda vafot etdi