date

Zelenskiy Britaniya va Yevropa yetakchilariga ochiq murojaat qildi

Zelenskiy Britaniya va Yevropa yetakchilariga ochiq murojaat qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning tungi dron hujumlari fonida mamlakatning havo mudofaasi va xalqaro yordam masalalari haqida so‘z ochdi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev hozirgi paytda Yevropa Ittifoqi va Britaniya bilan hamkorlikda harakat qilmoqda, ammo haligacha ukrain shaharlari ustida havo patruli tashkil etish uchun xorijiy harbiy samolyotlar yuborilmagan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya va boshqa ittifoqchilar Kiyevning uzoq vaqtdan buyon so‘rab kelayotgan havo himoya yordamini amalga oshirishga hali qaror qilmagan. «YEI yordami hech qachon yetarli emas — urush tugaganda yetadi. Putin to‘xtashga majbur bo‘lganini anglagan vaqtdagina biz buni his qilamiz», — dedi u The Guardian nashriga bergan intervyusida.

Ukraina rahbari Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan munosabatlari iliq ekanini ta’kidlab, yordam hajmining cheklangani shaxsan Starmer bilan bog‘liq emasligini qayd etdi. Shu bilan birga, Zelenskiy Yevropa davlatlarining ehtiyotkorona pozitsiyasini tanqid qildi: «Liderlar o‘z jamiyatlaridan qo‘rqadi. Ular urushga chalg‘ishni istamaydi. Ammo qo‘shin yuborish masalasi – har bir davlatning shaxsiy qarori», — dedi u.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, agar Kiyev ittifoqchilarga haddan tashqari bosim o‘tkazsa, bu Ukraina uchun moliyaviy va harbiy yordamning qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin. «Biz kerakli yordamni talab qilmoqdamiz, ammo hamkorlar bilan munosabatlarni ham ehtiyotkorona saqlashimiz kerak», — dedi Zelenskiy.

U suhbat davomida Rossiya Yevropaning boshqa davlatlariga qarshi ham «ikkinchi front» ochishi mumkinligini bildirdi. Uning fikricha, Polsha hududi yaqinida, shuningdek Bryussel, Kopenhagen va Myunxen atrofida kuzatilgan noaniq dronlar Moskva tomonidan yangi hujumlarni sinovdan o‘tkazish ehtimolini anglatadi.

8-noyabr kuni Ukrainadagi yirik elektr energetika korxonalaridan biri — “Sentrenergo” Rossiyaning tungi havo zarbasidan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi. Oradan bir kun o‘tgach, mamlakatning bir nechta hududlarida vaqtinchalik elektr uzilishlari qayd etildi. The Guardian jurnalistlarining xabar berishicha, Zelenskiy bilan Kiyevdagi Mariinskiy saroyida bo‘lib o‘tgan intervyu paytida ham chiroq ikki marta o‘chgan. Prezident bu holatni “odatiy hayot” sifatida izohladi: «Bizda hayot shunday. Elektr o‘chadi, lekin biz yashaymiz va kurashamiz», — dedi u.

Shu bilan birga, Zelenskiy Germaniya va shaxsan kansler Fridrix Mersga AQSH ishlab chiqargan Patriot havo mudofaa tizimini yetkazib bergani uchun minnatdorlik bildirdi. Biroq, necha kompleks va qaysi hisobdan berilgani haqida aniq ma’lumot oshkor etilmagan. DW’ning yozishicha, Germaniya Mudofaa vazirligi Pentagon bilan kelishuv asosida 2025-yil iyulda Ukrainaga yana ikkita Patriot tizimi jo‘natishni rejalashtirganini tasdiqlagan.

Ukraina hozirda Rossiyaning xavo hujumlariga qarshi kurashishda asosiy e’tiborni Yevropadan kelayotgan qurol-yarog‘, havo mudofaa tizimlari va energetika infratuzilmasini muhofaza qilishga qaratgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, urush tugashi uchun Ukraina emas, Rossiya qaror qabul qilishi lozim — va buni anglashga Putinni faqat kuch va birdamlik majbur qila oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Britaniya va Yevropa yetakchilariga ochiq murojaat qildi