
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z nomi bilan ataladigan stadion qurilishini xohlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Milliy futbol ligasi (NFL) jamoasi — “Vashington Kommanders” uchun 3,7 milliard dollar qiymatida yangi stadion barpo etilmoqda. Inshoot 1961–1996 yillarda jamoa uy o‘yinlarini o‘tkazgan Robert Kennedi nomidagi stadion o‘rnida qurilayotgan bo‘lib, uni 2030 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Manbalarning ta’kidlashicha, klubning hammuassisi Josh Harris boshchiligidagi investorlar va Tramp jamoasi o‘rtasida norasmiy muzokaralar ham bo‘lib o‘tgan.
“Bu prezidentning shaxsiy xohishi va katta ehtimol bilan amalga oshadi”, — degan Oq uy mansabdorlaridan biri.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt esa Tramp yangi stadion qurilishiga katta hissa qo‘shganini ta’kidlab, “Bu nom stadion uchun juda mos, chunki aynan prezident Tramp uning qurilishida muhim rol o‘ynagan”, — dedi.
Shu bilan birga, stadion nomini rasmiy tasdiqlash huquqi tuman kengashi va federal yer agentligi ixtiyorida bo‘lib, “Kommanders” jamoasi bu masalada mustaqil qaror qabul qila olmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!