
Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakatga Ukrainadan kelayotgan yosh erkaklar bilan bog‘liq masalaga yana bir bor oydinlik kiritdi. Berlinda o‘tgan Germaniya Savdo kongressida so‘zga chiqqan Mersning ta’kidlashicha, Ukrainadagi harbiy vaziyat sharoitida yosh erkaklarning xorijga chiqishi to‘g‘ri emas va ular «o‘z vatanlarida xizmat qilishi lozim».
Uning aytishicha, bu borada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muloqot ham bo‘lib o‘tgan. «Ukrainada yosh kuchlar juda zarur. Biz bundan ko‘z yumib turolmaymiz», — dedi Germaniya rahbari.
Shu bilan birga, Mers Ukrainadan kelayotgan qochqinlar uchun Germaniyadagi ijtimoiy to‘lovlar tizimida muhim o‘zgarishlar kiritilayotganini tasdiqladi. Ya’ni ukrainaliklar endi «byurgergeld» — Germaniyaning fuqarolik nafaqasi turiga da’vogar bo‘lmaydi. Ularning o‘rniga boshpana izlovchilarga mo‘ljallangan maxsus to‘lovlar to‘lanadi.
Hukumat manbalariga ko‘ra, mehnat vaziri Berbel Bas va ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt yangi tartiblar yuzasidan kelishib olgan. Unga muvofiq, 2025-yil 1-aprelidan keyin Germaniyaga kelgan ukrainaliklar «byurgergeld» olish huquqisiz qoladi. Bunda o‘zgarishlar ort sana bilan kuchga kirsa-da, avval tayinlangan to‘lovlar belgilangan muddat tugaguncha saqlanadi.
Rasmiylar ta’kidlashicha, bu qaror Mehnat vazirligi tomonidan yozda ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan to‘liq mos. Aks holda ma’muriy xarajatlar keskin oshishi xavfi bor edi. Hukumat o‘zgarishlarni kelasi hafta tasdiqlashi kutilmoqda.
Bild gazetasi ma’lumotlariga qaraganda, yangi qoida bir necha o‘n ming ukrainalikni «byurgergeld»dan mahrum qiladi. Biroq 1-aprelgacha Germaniyaga kelib ulgurganlar ushbu to‘lovdan foydalanishda davom etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lov tizimi o‘zgarishi 2026-yilda federal byudjetga 730 million yevro atrofida tejamkorlik keltirishi mumkin. Biroq boshpana izlovchilar uchun ajratiladigan mablag‘lar va ma’muriy xarajatlar ko‘payishi tufayli umumiy hisobda davlat uchun aniq foyda kutilmayapti.
Federal yerlar va kommunalar ham qo‘shimcha xarajatlarga duch keladi — 2026-yilda 862 million yevro, 2027-yilda esa taxminan 394 million yevro. Ular uchun federal markazdan kompensatsiya ajratilishi kerak bo‘ladi.
Germaniya hukumatining bu qadami mamlakatdagi migratsiya siyosati yanada qattiqlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu masala Yevropa siyosiy maydonida ham dolzarb muhokamalardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.