
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya–Ukraina mojarosini to‘xtatish maqsadida Kiyev taklif etilgan «tinchlik rejasi»ga 27-noyabrgacha javob berishi kerakligini ma’lum qildi. U bu haqda Fox News’ga bergan intervyusida aytib, Minnatdorlik kunigacha aniq pozitsiya kutilayotganini qayd etdi. Trampning fikricha, aynan shu muddat muzokaralarni real kelishuvga aylantirish uchun eng maqbul vaqt hisoblanadi.
U, shuningdek, Ukraina uchun mavjud tanlov og‘irligini ham ta’kidlab o‘tdi: hududlarni yo‘qotish xavfi, xalqaro hamkorning qo‘llab-quvvatlovisiz qolish ehtimoli va suroni kuchayayotgan qish. AQSH matbuotida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, agar Kiyev rejani qabul qilishdan bosh tortsa, Vashington harbiy yordamni cheklash yoki qisqartirish ehtimoli haqida ham oydin ishora bergan.
Zelenskiy bu borada mamlakatga murojaat qilib, Ukraina ayni vaqtda juda murakkab bosqich ostonasida turganini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev sha’n va suverenitetni yo‘qotmasdan tinchlikka erishish uchun barcha variantlarni muhokama qilib chiqadi. U AQSH va Yevropadagi ittifoqchilar bilan o‘rtadagi 28 banddan iborat reja bo‘yicha takliflar almashinish davom etayotganini bildirdi.
Ukraina yetakchisi shu kuni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens hamda Pentagon vakillari bilan deyarli bir soatlik suhbat o‘tkazib, rejaning bir necha muhim bandlari ustida aniq mulohazalar almashganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, tinchlik yo‘lining samarali bo‘lishi uchun Kiyev o‘z pozitsiyasini qat’iy ravshan belgilab bormoqda.
Moskva esa Oq uy rejasi matnini qabul qilganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, unda keltirilgan bandlar Rossiya bilan mazmunan muhokama qilinmaganini bildirdi. Kreml vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, ularga hali rasman hujjat taqdim etilmagan.
OAVlarda tarqalgan reja bo‘laklariga ko‘ra, AQSH Ukrainadan muayyan hududiy yon berishlar, armiya sonini qisqartirish va NATOga a’zo bo‘lmaslikka oid kafolatlar talab qilmoqda. Yevroittifoqning yetakchi davlatlari bu taklifga ehtiyotkorona munosabat bildirib, Ukraina suvereniteti hamda mudofaa qobiliyati cheklanmasligi shartligini ta’kidlamoqda.
Kiyev esa bir narsani aniq aytgan: hududiy yaxlitlik savdoga qo‘yilmaydi. Ular tinchlik haqida gapirishga tayyor, ammo mamlakatning chegaralari, qog‘ozdagi cheklovlar va armiya salohiyatini pasaytirish kabi masalalar bo‘yicha keskin pozitsiyani saqlab qolmoqda.
Aniqki, yaqin kunlar mintaqa uchun juda muhim bo‘ladi. AQSH bosimi ortib, Rossiya va Yevropa tomonlarida ham faol muloqot ketar ekan, Ukraina oldidagi tanlov ham ijtimoiy, ham geosiyosiy jihatdan eng og‘ir sinovlardan biriga aylanib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.